Respublikachilar qurultoyida xavfsizlik, immigratsiya bosh mavzular

  • Amerika Ovozi

Ogayo shtati, Klivlend shahrida respublikachilar qurultoyi ish boshladi. Hafta oxirigacha anjumanda tadbirkor Donald Tramp rasman prezidentlikka yagona nomzod deya e'lon qilinishi kutilmoqda. Bugun, dushanba ochilgan qurultoyda xavfsizlik va immigratsiya asosiy mavzularga aylandi.

Yakshanba kuni "Si-Bi-Es" telekanaliga intervyu bergan Tramp amaldagi rahbar, demokrat Barak Obamani va raqibi Hillari Klintonni zaif, deya tanqid qildi. "Bizga kuch-quvvat kerak" , - dedi Tramp. "Qonun va tartib ishlashi kerak. Chegaralarimizni mustahkamlashimiz lozim", - dedi u.

Tramp Amerika-Meksika chegarasi bo'ylab baland devor qurishni va musulmonlarni Amerikaga kiritmaslikni taklif qilib keladi.

Yakshanba kungi chiqishida u musulmonlarga nisbatan avvalgi dag'-dag'alarini qo'yib, odamlar qaysi davlatdan ekaniga asosiy e'tiborni qaratishini aytdi.

"Terrorchi davlatlardan birorta odamni mamlakatimizga kiritmaymiz", - dedi u.

Tramp 2003-yilda Iroqqa qo'shin tortishga qarshi bo'lganini qayta-qayta eslatdi. Holbuki, Klinton senator paytida urushni yoqlab ovoz bergan edi, deydi u. Holbuki, Tramp o'zi uchun vitse-prezidentlikka nomzod qilib tanlagan shaxs, Indiana gubernatori Mayk Pens o'sha paytlar Vakillar palatasida ishlar, Iroqqa qo'shin yuborishni yoqlab ovoz bergan edi.

"Buning ahamiyati yo'q", - dedi Tramp. "O'tgan ish o'tdi ketdi. Unga noto'g'ri ma'lumot berilgan, ko'plarni aldashgan", - dedi tadbirkor.

Saylov poygalari va saralash jarayoni boshlanganidan beri Donald Tramp respublikachilardan 16 raqibini yengib o'tdi.

Respublikachilar partiyasi qurultoyida Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan va boshqalar chiqish qilmoqchi. Biroq sobiq prezident Jorj Bush, senator Jon Makkeyn, prezidentlikka sobiq nomzod Mitt Romni anjumanga bormaslikni ma'qul topdi.

Demokratlar partiyasining qurultoyi kelasi hafta Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahrida o'tishi va Hillari Klinton prezidentlikka yagona nomzod deya e'lon qilinishi kerak.

Oxirgi so'rovlarga ko'ra, Klinton reytinlarda Trampdan oldinda. "Ey-Bi-Si Nyus" va "Vashington Post" o'tkazgan so'rovga ko'ra, Klintonni 47, Trampni 43 foiz saylovchi yoqlayapti. "En-Bi-Si Nyus" va "Vol Strit Jornal" so'roviga ko'ra, aholining 46 foizi Klinton, 41 foizi Tramp tarafida.

Amerikada prezident saylovlari 8-noyabrda o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG