Breaking News

Tramp respublikachilar tayanchiga muhtoj


Donald Tramp G'arbiy Virjiniya shtatida, 5-may, 2016
Donald Tramp G'arbiy Virjiniya shtatida, 5-may, 2016

Donald Tramp prezidentlikka da’vo qilayotgan so’nggi va yagona respublikachi bo’lsa-da, partiyadoshlari uning nomzodini ma’qullashga shoshmayapti.

Trampga poygani yutqazgan ikki senator, Texas shtatidan Ted Kruz va Florida shtatidan Marko Rubio bu hafta Kongressga qaytdi. Ammo ikkovi ham Trampni qo’llab-quvvatlamayapti.

Trampni “nihoyatda ma’naviyatsiz” deb atagan Kruz o'z tarafdorlarini nyu-yorklik milliarder uchun ovoz berishga undamayapti.

“Saylovchilar kimni qo’llab-quvvatlashini aniqlashi uchun yetarli”, - deydi u.

Rubio esa bundan bir necha oy avval aytganidek, yagona nomzod kim bo’lishidan qat’i nazar, uni qo’lab-quvvatlash va’dasidan qaytmagan. Ammo u Trampning takliflari yuzasidan jiddiy xavotirda.

"Siyosiy fikrlarim unikidan farq qiladi. Trampning kampaniyasiga oid fikrim ham ilgarigidek. Biz bunday vaziyatga tushishimizni istamagandim”, - deydi Rubio.

Senatorlar ta'biricha, demokrat nomzod Hillari Klinton Oq uyga saylanmasligi uchun respublikachilar birgalikda harakat qilishi kerak, biroq har ikkisi ham Tramp atrofida birlashishni istamayapti.

Trampning yana bir raqibi, Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush ham Tramp uchun ovoz bermoqchi emas. Klinton uchun ham ovoz bermasligini aytayotgan arbobning otasi va akasi, sobiq prezidentlar, 2016-yilgi kampaniya yuzasidan fikr bildirmayapti. Ular respublikachilar partiyasining iyuldagi qurultoyida ham qatnashmaydi. Bunday qarorga kelgan respublikachilar ko'p.

Tramp Kongressdagi respublikachilar, jumladan Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan bilan Vashingtonda uchrashishga kelishgan. Rayan yaqinda bergan intervyusida Tramp nomzodini ma’qullashga "tayyor emasman" deya bayon qilgan edi.

Rayan Tramp bilan uning siyosiy falsafasi va platformasini muhokama qilmoqchi.

Spiker partiyaning eng yuqori lavozimdagi vakili sifatida saylovoldi qurultoyiga raislik qilishi kerak. Agar Tramp bunga qarshi bo’lsa, Rayan raislikni boshqa odamga topshirishga tayyor. Ammo Tramp fikricha jarayonga aynan Rayan yetakchilik qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG