AQSh prezidentligiga da'vogarlar e'tiborni tashqi siyosatga qaratmoqda

  • Amerika Ovozi

Respublikachi da'vogarlardan biri Rik Santorum

Respublikachi da'vogarlardan biri Rik Santorum

Amerikada Oq uyga da’vogar qator siyosatchilar nomzodlikni qo’lga kiritish uchun harakatni boshlab yuborgan. Saylovlar kelasi yili noyabrda o’tadi. Kampaniyaning ilk bosqichida muhokama qilinayotgan mavzular - “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash va Eron yadro dasturi.

Nyu-Gempshir shtatiga safari chog’ida Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi AQSh xorijda faollashishi kerak, deya ta’kidladi.

“Amerika bugun kimni qo’llab-quvvatlaydi? Kimga qarshi? Ittifoqchilarimiz kim? Buni hech kim tushunmay qoldi. Maqsadimiz nima? Unga erishish uchun nimalarga tayyormiz? Buni hech kim bilmaydi”, - deydi Kristi.

Respublikachi gubernator yaqin orada prezidentlik poygasiga kirishini e’lon qilishi kutilyapti. Shunda u oliy lavozimni ko’zlayotgan 10 dan ortiq nomzod safiga qo’shiladi.

Yaqinda Ayova shtatida o’tgan forumda respublikachilar turli mavzularda bahslashdi. Sobiq gubernator Rik Santorum “Islomiy davlat”ga qarshi strategiyasini taqdim etdi.

“Ular VII asrdagi islomni qayta tiklamoqchi. Mening taklifim - qiruvchi samolyotlarni bombaga to’ldirib, jangarilarni jahannamga ravona qilaylik”, - deydi Santorum.

Tashqi siyosat poygada hozircha asosiy o’rin egallagan. Yana bir ehtimoliy nomzod, senator Linsi Grem milliy xavfsizlikni bosh o’ringa qo’yadi.

“Maqsadim oddiy – AQShni terrorchilardan himoya qilish. Mana shuning uchun askarlarimiz Afg’onistonda jang qildi”, - deydi Grem.

Senator Rend Pol esa Iroq va boshqa xorijiy mamlakatlardagi urushlarda AQSh qo’shinlari qatnashishiga qarshi.

“Dunyoda tartibsizlik kamaydimi yoki ko’paydi? Radikal islom kuchaymadimi? “Islomiy davlat” beqarorlik sababli kattaroq tahdidga aylanmadimi axir?”, - deydi u Iroq urushi oqibatlariga ishora qilib.

Siyosiy tahlilchi Jon Fortiyerga ko’ra, kampaniyaning boshidanoq tashqi siyosat birinchi o’ringa chiqishi g’ayrioddiy hol.

“Xalqaro sahnada muhim voqealar yuz berayotgan bo’lsa ham, Amerikadagi saylovlarda diqqat odatda ichki masalalarga qaratiladi. Ammo bugun dunyo shunchalik notinchki, buni muhokama qilmay iloj yo’q. Xo’sh, bu Hillari Klintonga qo’l keladimi? Bu sohada u katta tajribaga ega”, - deydi Fortiyer.

Demokrat sotsiolog Selinda Leyk fikricha, saylov yaqinlashgan sari iqtisod asosiy masalaga aylanadi.

“Amerikaliklar hozirgi qiyinchiliklarni tushunadigan, aniq reja bilan chiqadigan rahbarni kutmoqda. Har ikkala partiya o’z dasturi bilan chiqishi kerak”, - deydi olima.

Hozircha respublikachilardan olti nomzod maydonga chiqqan. Demokratlardan esa ikki arbob – Hillari Klinton va Vermont shtatidan senator Berni Sanders.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG