Saylov vasvasasi: Klinton xonim prezidentlikni ko'zlamoqda

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton turmush o'rtog'i, sobiq prezident Bill Klinton bilan

Xillari Klinton turmush o'rtog'i, sobiq prezident Bill Klinton bilan

Amerikada saylov vasvasasi juda erta boshlanadi. 2016-yilning noyabrida o’tadigan prezident tanloviga ikki yildan oshiq vaqt bor. Lekin qaysi partiyadan kim nomzod bo’lishi yuzasidan bahs va tortishuvlar allaqachon boshlanib ketgan.


Respublikachilardan kim maydonga chiqadi, aniq emas. Biroq demokratlardan Xillari Klinton Oq uy uchun yana bir bor kurashishga bel bog’lagan bo’lsa ajabmas. Klinton xonim - sobiq advokat, sobiq prezidentning rafiqasi, sobiq senator va sobiq davlat kotibi.

Xillari Klinton chorak asrdan oshibdiki Amerika siyosiy sahnasidan tushmaydi. Siyosat, vatanga xizmat – uning kasbi, hayoti mazmuni, deydi xonimni yaqindan bilgan odamlar.

Shu yil oxiriga borib Klinton prezidentlik poygasiga kirishi haqida aniq bir qarorga kelishi va e’lon qilishi kutilmoqda. Siyosiy tahlilchi Stiven Xessning bunga ishonchi komil.

“Ajoyib manzara… Xillari Klinton Demokratik partiyaning yulduzi bo’lib qolmoqda. Undan boshqa hozircha hech kimni ko’rmayapmiz. Xillari Klinton yagona”,- deydi Xess.

Nomzodligini e’lon qilsa, Klintonni jiddiy savollar va sinovlar kutmoqda, davlat kotibi vazifasida qilgan ishlari va tutgan yo’li yuzasidan.

2012-yilda Liviyaning Bing’ozi shahrida AQSh diplomatlari va razvedkachilari o’ldirilgani uchun Klintonni javobgarlikka tutish kerak degan talablar tinmagan.

Arbob o'z pozitsiyasini 2012-yilda shunday tushuntirgan:

“To’rt amerikalikdan ayrildik. Ularni namoyishchilar o’ldirdimi yoki amerikaliklarni yo’q qilishga bel bog’lagan qabih insonlar? Buning nima farqi bor? Nima bo’lganini aniqlash bizning vazifamiz va kelajakda bunday hujumlarning oldini olish uchun barcha zarur choralar ko’rish burchimiz, bu aniq”.

Klinton prezidentlik poygasiga kirsa, uning raqiblaridan biri vitse-prezident Jo Bayden bo’lishi mumkin.

Reytinglarda Klinton birinchi, Bayden esa ikkinchi o’rinda ketmoqda, deydi Stiven Xess.

“Siyosatchining tanqidchisi ko’p. Ehtimoliy nomzod ekansiz, tosh otishadi sizga. Fuqarolar, boshqa arboblar, axborot vositalari…. Klinton hujumlarga o’rganib ketgan. Biladi nima qilayotganini. E’tibor unda ekani saylov uchun pul jamg’arishda qo’l keladi”,- deydi Xess.

Klinton nomzodini e’lon qilgach o’zini prezident Barak Obamadan uzoqlashtirishi mumkin, deydi ekspert Stuart Rotenberg.

“Chunki odamlarni men yaxshiroq lider bo’laman deb ishontira olishi kerak. Obamadan farqli jihatlariga urg’u beradi. Qanday o’zgarishlar qila olishi xususida gapiradi, ya’ni amaldagi prezidentdan boshqacha”,- deydi u.

Respublikachilardan kim nomzod bo’lishi mumkin deb so’rasangiz, uzun ro’yxat keltirishadi, ammo konkret da’vogar hozircha yo’q. Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi yaqingacha yulduz edi, lekin hozir tergov ostida.

Kristi siyosiy mashmashalar ichida ekan, Florida sobiq rahbari Jeb Bush, (sobiq prezidentning ukasi), Viskonsin gubernatori Skott Voker, senatorlar - Texasdan Ted Kruz va Kentukidan Rend Pol.

Stiven Xess ta’biricha eng qizg’in va munosib bellashuv balki Xillari Klinton va Jeb Bush orasida bo’ladi.

“Chunki bu arboblarning har ikkisi Amerikaning yaqin o’tmishida muhim rol o’ynagan oilalardan chiqqan. Dunyo Klintonlar va Bushlarni juda yaxshi biladi. Xillari Klinton va Jeb Bush tarixiy xatolarga javob topishi kerak bo’ladi”,- deydi Xess.

Prezidentlik uchun poyga rasman 2016-yilning boshida, partiyaviy saylovlarda boshlanadi. O’sha yilning 8-noyabrida esa barcha fuqarolar ovoz berishga chiqadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG