Amerikada sobiq prezident o'z kutubxonasi va muzeyini ochadi

  • Amerika Ovozi

Jorj Bush kutubxonasining ochilishida amaldagi va sobiq prezidentlar qatnashdi.

Jorj Bush kutubxonasining ochilishida amaldagi va sobiq prezidentlar qatnashdi.

25-aprel kuni Dallasda sobiq prezident Jorj Bush nomli kutubxona va muzey ochildi. Oq Uyni 1933-yilda tark etgan Gerbert Guverdan boshlab har bir prezidentga atab kutubxona ta’sis etilgan. Bu an’ana. Mazkur dargohda rasmiy hujjatlar va tarixiy materiallar saqlanib, ta’lim berish vazifasini ham bajaradi. Kutubxonalarni Davlat arxivi boshqaradi.

Prezident Lindon Beyns Jonson 1973-yilda vafot etgan. Lekin Texas shtatining Ostin shahridagi kutubxonada uning misoli jonli qiyofasini ko’rish mumkin.

“Juda qiziq. Avval hayron qoldim. Xuddi tirikdek,” - deydi bir ayol.

Yaqinda 10 million dollar sarflanib, kutubxona qayta ta’mirlandi. Endi tomoshabin eng zamonaviy, kompyuterlashgan eksponatlar bilan tanishadi. Qiziqqan odam prezident Jonsonning telefon suhbatlarini eshitishi mumkin.

1963-yil 22-noyabr kuni Jon Kennedi o’ldirilganidan keyin Lindon Jonson prezident etib tayinlangan. Fuqaro huquqlarini kafolatlovchi qonunlar, kambag’allikka qarshi dasturlar muallifi bo’lsa-da, u haqda salbiy xotiralar kuchli. U prezident davrida Amerika Vyetnam urushiga kirgan. Kutubxonalardan maqsad arboblarni sharaflash emas, balki yosh avlodga to’liq ma’lumot berishdir.

“Tarixni bezamoqchi emasmiz. Odamlarga aql o’rgatmoqchi ham emasmiz. Prezident faoliyati va uning merosini namoyish qilmoqchimiz. Odamlar o’zi xulosa chiqarsin”.

Prezidentlar kutubxonalari tarixchilar, tadqiqotchilar uchun xazina. Bu demokratik jamiyatga xos oshkoralik alomati, deydi Mark Apdegrov, kutubxonachi:

“Hujjatlar xalqqa tegishli, prezidentlarga emas”.

Ostin yaqinida yana bir sobiq prezident, ota Jorj Bush nomli kutubxona joylashgan.

Boshqa kutubxonalarda bo’lgani kabi bu yerda ham Oq Uydagi prezident xonasining ayni nusxasi bor.

“Asosiy vazifalarimizdan biri jamiyat va siyosat haqida ma’lumot berishdir. Masalan, Amerika konstitutsiyasi, hukumat faoliyati haqida so’zlab beramiz,” - deydi kutubxona rahbari Uorren Finch.

Zamonaviy texnologiyalar sharofati bilan kutubxonada katta hajmdagi fotosuratlar va audio materiallar to’plangan. Lekin arxivni boshqarish oson emas. Finch:

“Millionga yaqin fotosurat bor, o’n ming dona videokasseta…”

Tarixiy hujjatlarni to’plash va saqlash oson bo’lmasa-da, prezidentlar kutubxonalari bu sharafli ishni risoladagiday bajarayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG