Tramp - prezidentlik tomon o'z yo'lidan borayotgan biznesmen

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp. Nyu-York, 31-may 2016-yil

Donald Tramp. Nyu-York, 31-may 2016-yil

AQShda prezident lavozimiga erishishning bir qancha yo’llari bor. Hillari Klinton shunday yo’llardan birini tanlab, nomzodlik tomon qadam tashlamoqda. Donald Tramp haqida bunday deb bo'lmaydi.

Nyu-yorklik tadbirkor Tramp hech qachon vitse-prezident bo'lmagan, AQSh Senati yoki Vakillar palatasi a’zosi etib saylanmagan, yoki gubernator bo’lib xizmat qilmagan.

Shu paytgacha mamlakatni boshqargan 43 prezidentdan 37 nafari Oq uyga kirishdan oldin aytilgan lavozimlardan kamida birida ishlagan.

Ular sirasiga kirmagan olti arbobni olsak, urush qahramonlari Jorj Vashington va Duayt Eyzenxauer, vazirlar Uilyam Taft va Gerbert Guver xalq orasida yetarli obro’-e’tiborga ega bo’lgani sababli muvaffaqiyatli kampaniya olib borib, saylangan. Trampning ham, Klintonning ham harbiy sohaga aloqasi yo'q.

Agar iyuldagi konvensiyada Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod etib saylansa, Tramp biznes sohasidan chiqqan ikkinchi shunday nomzod bo’ladi. Birinchisi - 2012-yilda oliy lavozimga da’vo qilib, Barak Obamaga yutqazgan Mitt Romni edi, ammo u tadbirkor bo’lishdan tashqari Massachussets shtatini boshqargan.

Hillari Klintonga kelsak, uning tajribasi katta. Nyu-York shtatidan Senatga saylangan, so’ngra Obama ma'muriyatida davlat kotibi bo’lib xizmat qilgan.

Amerika tarixida birinchi sakkiz prezidentdan to’rt nafari davlat kotibi lavozimini egallagan.

Klintonning kasbi – huquqshunos, advokat. AQSh prezidentlarining yarmidan ko’pi shu kasb egasi bo'lgan, jumladan Obama.

Ammo Trampning Klintonga qaraganda bir “kuchli” jihati bor. U ham bo’lsa jinsi. Klinton esa, agar oliy lavozimni egallay olsa, Oq uyga prezident sifatida kirib borgan birinchi ayol bo’ladi.

Tramp o’zining yana bir kuchli tarafi bilan ko’p maqtanadi – boyligi bilan. Yaqinda u prezident bo’lsa 400 ming dollarga teng yillik maoshdan voz kechib, 1 dollar olishga va’da berdi.

Ammo AQSh konstitutsiyasiga ko’ra, prezident oladigan maosh belgilanganidan kamroq yoki ko’proq bo’la olmaydi. Buning uchun Kongressning maxsus qarori talab qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG