AQSh qamoqlarida yaratilgan san'at asarlari

  • Amerika Ovozi

Mahbuslardan birining qalamiga mansub surat

Mahbuslardan birining qalamiga mansub surat

AQShda jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum etilganlar uchun turli dasturlar mavjud. Mahbuslar ahloqini yaxshilash yo’llaridan biri – ularga san’at bilan shug’ullanish imkonini berish. Qamoqxonalarda yaratilgan asarlar yirik galereyalarida sotiladi. Olingan foydaning bir qismi rassomlarga berilsa, qolgani maxsus jamg’armaga ketadi.

Tinch va sokin hayotni tasvirlovchi mana bu suratlar mualliflari – AQSh qamoqxonalarida jazo o’tayotgan mahbuslar.

Qamoqxonalar jamg’armasi deb nomlangan nohukumat tashkilot rahbari Dennis Sobinning o’zi 12 turmada o’tirib chiqqan. Sevimli mashg’uloti - gitara chalish.

“San’at shunday bir narsa-ki, u inson qalbini tozalaydi, davolaydi, shifo baxsh etadi”.

Sobin qamoqda o’tirganida bu jamg’armaga asos solgan.

Tabiatni tasvirlashdan boshqa mavzular ham ko’p, deydi u.

”Ba’zilar oilam bilan bo’lsam, deydi. Shu bois ular oila a’zolari, oilaviy yig’inlar rasmini chizadi. Ba’zilarga esa qamoqdagi hayot shu qadar noma’qul-ki, norozilik va o’ziga xos isyon tariqasida ular panjara ortidagi hayotni tasvirlashga urinadi”.

Mahbuslar chizgan suratlarni Vashingtondagi san’at ko’rgazmalarida ko’rasiz. Daromadning bir qismi – mahbusniki.

“Votergeyt” galereyasi egasi Deyl Jonson:

“Kuchli talant sohiblari ular… Chuqur hissiyot… Asarlar sizni o’ziga tamoman rom etadi”.

Rassomlar ishlatadigan material – oddiy qog’oz yoki karton. Ba’zida boshqa narsalar ham.

Dennis Sobin: “Mana bu san’at asari oddiy dastro’moldan qilingan. Burchaklari kashta bilan tikilgan. Uni bizga o’ralgan holda jo’natishgan”.

Brayan Driggers bundan bir oy oldin qamoqdan ozod etildi. Sakkiz yillik jazoni o’tash davrida u ko’pgina asarlar yaratishga muvaffaq b’oldi. Ayrimlari Vashingtondagi “Jinoyat va Jazo” muzeyidan o’rin olgan. Qamoqda bo’yoq ishlatish man etilgani sababli u oddiy ruchka bilan chizgan.

Driggers rafiqasi suratini qanday chizgani haqida “Amerika Ovozi”ga so’zlab berdi.

“Men mana buni o’z sochimdan yasaganman. Sochimdan ozginasini qirqib olardim-da, ip bilan eski ruchkaga bog’lardim. Chizish uchun qahvadan foydalanardim. Qahvani ozroq suv bilan aralashtirsangiz, to’q rang chiqadi, ko’proq suv ochroq rang beradi. Shunday qilib chizardim”.

Driggers och rangdagi bo’yoqlar bilan o’z portretini ham chizgan.

”Tasvir parcha-parcha bo’lib ketayotgandek, xuddi mening hayotim kabi. Chunki hayotim xonavayron bo’lgan. Tasvir kabi endi hayotim ham qayta tiklanayapti.”

Yana bir mahbus Brayan Koul hajviy asarlardan ilhom oladi.

Qamoqdagi iste’dod sohiblari orasida oz bo’lsa-da, ayollar ham bor. Ronna Bayer Florida shtat turmasida o’tiribdi. Rasm chizadi. Ularning orqasida esa yozuvlar.

”Bu surat menga hayolimda qamoqdan chiqib boshqa joylarga sayohat qilish imkonini beradi. Tinch hayotni aks ettirgani uchun bu rasmni yaxshi ko’raman”, - deydi Sobin.

Ayrim san’at asarlari ko’chalarda sotiladi.

Xitoylik Lin Lou fikricha, mahbuslarga san’at bilan shug’ullanish imkonini berish zo’r amaliyot. Xitoyda bunday qilish hech kimning hayoliga ham kelmaydi, deydi u.

”Ilgari qonunni buzgan bu odamlarning endilikda san’at asarlarini yaratishini ko’rib, men hayratga keldim, albatta”.

Ozodlikdan mahrum etilganlar uchun san’at bilan shug’ullanish muhim. Bu ularning o’ziga hurmatini oshiradi, deydi Qamoqxonalar jamg’armasi rahbari Dennis Sobin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG