Panjara ortidagi hayot radio to’lqinlarida

  • Amerika Ovozi

Texas shtatining Xyuston shahridagi jamoat radiostansiyasida bir noyob dastur efirga uzatiladi. Ikki soatlik shou qamalganlar va ularning oila a’zolariga bag’ishlagan. U mahbuslar va ularning ozodlikdagi yaqinlari bilan aloqa o’rnatish barobarida jazoni o’tash tizimi, panjara ortidagi hayot va inson huquqlari kabi jiddiy masalalarni ko’taradi.

“Prison show” deb nomlangan haftalik eshittirishda tinglovchi qo’ng’iroq qilib, panjara ortidagi yaqiniga salom yo’llaydi.

‘Richard, men seni yaxshi ko’raman. Kuni kecha tug’ilgan kunim bo’ldi. Seniki ham yaqinlashmoqda. Oldinga bormoqchiman”.

Shouni tayyorlaydiganlarning aksariyati – sobiq mahbuslar. Prodyuser Devid Kollingsvort ham ilk bor dasturni qamoqxonadan turib tinglagan.

“Meni yaxshi ko’radigan, quvvatlaydigan odamlar borligini tushunganman o’shanda”.

Eshittirish hamma uchun, lekin doimiy tinglovchilar bor, deydi Devid.

“Bu muxlislarimizning ismlarini yaxshi bilamiz. Ular hayotining bir qismiga aylanganmiz. Bu juda muhim”.

Dasturda mutaxassislar ham ishtirok etadi. Hibsxona va turmalardagi sog’liqni saqlash tizimi, yuridik masalalar va o’lim jazosi kabi jiddiy mavzular yoritiladi.

“Hammaga salom, ayniqsa Texas qamoqxonalarida qatl etilishi kutilayotgan insonlar va ularning yaqinlariga… Ma’lumki, Texasda 1982-yildan beri 550 mahbus qatl etilgan. Shtatimiz bu borada mamlakatda birinchi o’rinda”.

Advokat Bill Xabern tinglovchilarga mahbus huquqlari xususida ma’lumotlar berib boradi.

“Panjara ortidagilarga ham, ularning oila a’zolariga ham…”

Shou ilk bor efirga 1980-yilda chiqqan. U paytda boshqa bunday dasturlar yo’q edi. Keyinchalik ko’paya boshladi.

“Eshittirish boshqa joylarda shunday dasturlarga yo’l ochib berdi. Hozir ular ayni formatda ishlaydi,” - deydi Xabern.

Ba’zida dasturda jonli musiqa ham yangraydi. Sobiq mahbus Dennis Prays- xonanda. U asosan panjara ortidagi hayoti haqida kuylaydi. Endilikda yangi mavzularga o’tmoqda.

“O’g’limga o’rnak bo’lishim kerak. Hayotimda shunday voqea bo’ldiki, undan saboq oldim. Busiz hozirdek shaxs bo’la olmasdim,” - deydi u.

Sobiq mahbuslar Texasning jazo o’tash tizimini adolatsiz deb ataydi.

Advokat Bill Xabern deydiki, aksariyat texasliklar jinoyatga qarshi keskin choralar ko’rishni va’da qilgan siyosatchilarga ovoz beradi, ammo bu qarashlar o’zgaruvchan.

“Konservativ siyosiy qarashga ega odam qachon tezda liberalga aylanadi? Oila a’zosi qamoqqa tushganida!”

Dastur mahbuslar huquqlarini himoya qilib, muvaffaqiyatga erishdi. Masalan, 2007-yilda panjara ortidagi odamlarga telefon imtiyozlari berildi. Ammo bunday programmalar yoritishi kerak bo’lgan muammmolar hali ko’p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG