Amerikada jazoni o'tash tizimlari isloh qilinishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQShda har ikki yirik partiya qonunchilari adliya tizimini isloh qilish masalasida hamfikr. 1980-yillardan buyon Amerika qamoqxonalarida mahbuslar soni 10 baravar ko'payib, bugun 2,3 millionga yetgan.

Qamoqxonalarni yuritish har yili 80 milliard dollarga tushadi. Mahbuslar soni bo’yicha AQSh dunyoda birinchi o’rinda. Mavzu prezident poygasida ham muhokama qilinmoqda.

“Umiddan foyda” deb nomlanuvchi guruh Tenessi shtatidagi ayollar qamoqxonasida har kuni dars o’tadi. O’qituvchilar mahkumalarga ish topish, oila tebratish, din haqida saboq beradi.

Sirtdan qaraganda sinfda moliya darsi bo’layotgandek. Ammo bu talabalar uy vazifasini o’z uyida bajara olmaydi.

“Nafaqani o’ylashim kerak. Uni to’g’ri rejalash zarur”, - deydi mahbus Sheri Xed.

Yana bir mahbus Dorin Ouensning aytishicha, guruh unga qamoqxonaning qadriga yetishni o’rgatdi.

“Qamoqqa tushish peshonaga yozilgan ekan. Chunki bungacha ibodat qilib, qamoqqa tushganim uchun Yaratganga shukrlar aytaman deb o’ylamagan edim. Shukr qilishda davom etaman”, - deydi u.

1980-yillarda qonunchilar narkotiklarga qarshi kurash doirasida qoradori bilan qo’lga tushgan odamlarga nisbatan hukmni kuchaytirdi. Natijada qamoqxonalar to’lib ketdi. Mahbus soni bo’yicha Amerika dunyoda birinchi o’rinda turadi. Qonunchilar ularni saqlash davlatga qimmatga tushayotganiga, oilalar buzilib ketayotganiga ishora qilib, tizimni isloh qilishga chaqirmoqda.

“Mamlakatda jinoiy huquq tizimi ishdan chiqqan”, - deydi Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vogar, senator Berni Sanders.

“Jinoiy huquq tizimini isloh qilish masalasida barchamiz yakdilmiz”, - deydi Respublikachilar partiyasidan raqib da’vogar, senator Ted Kruz.

Masalan, Prezident Obama o’zining shu yilgi Kongressdagi yillik murojaatini tinglash uchun, respublikachi bo’lishiga qaramay, Tenessi shtati Shelbi okrugi meri Mark Latrelni taklif etdi. Hokim mahbuslarning qayta jinoyat sodir etmasligi uchun qator dasturlar joriy etdi.

Ozod bo’lganlar uchun hayot saboqlari kurslari tashkil etildi.

"Ta’lim saviyasining pastligi eng katta muammo. Bugungi mahbuslarni oladigan bo’lsak, o’rtacha bilim darajasi 8-sinf o’quvchisinikidan past", - deydi mer Latrel.

Statistikaga ko’ra, mamlakat bo’ylab har besh mahbusdan uch nafari ozodlikka chiqqach, uch yil ichida yana qamoqqa tushar ekan. Shelbi okrugida hokim tashabbuslari tufayli qayta jinoyat miqdorining tushganini isbotlovchi keng izlanishlar o’tkazilmagan. Mer Latrelning aytishicha, muvaffaqiyat mahalladan boshlanadi.

Jinoiy huquq tizimini isloh qilish prezidentlikka da’vogarlar uchun ustuvor masala bo’lmasa-da, ulardan biri prezidentlikka saylangach, vaziyat o’zgarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG