Qamoqlarni tekshiradigan tashkilot mukofotga sazovor bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Dunyodagi mahbuslarning to’rtdan bir qismi Amerika qamoqxonalarida joylashgan. Ularning soni bu mamlakatda ikki milliondan ziyod. Illinoys shtatidagi Jon Xovards uyushmasi qamoqxonalardagi vaziyatni yaxshilash, mahbuslar huquqlarini himoya qilish yo’lida faoliyat yuritadi. Joriy yilda bu nodavlat tashkilot o’zining sermahsul faoliyati uchun Makartur jamg’armasining yarim million dollarga teng mukofotiga loyiq deb topildi.

Riki qotillikda ayblanib umrining 35 yilini panjara ortida o’tkazdi. Hozir 59 yoshda. Ozodlikka chiqqan. Ammo qamoq haqidagi xotiralari hamon qiynaydi.

“Ruhan qiynalaman, axir butun umr, har kuni, har hafta yaqinlarim bilan diydor ko’risholmay yashadim, ulardan birin-ketin judo bo’ldim”, - deydi u.

Panjara ortida boshqa mahbuslar bilan yashash oson bo’lmagan.

“Senga mos kelmaydigan odam bilan bir kameraga tashlashadi, hech narsa deyolmaysan. Bundan tashqari, qamoqda odam ko’p, tiqilinch, erkin nafas ololmaysan ham”, - deydi Riki.

“Bu hududdagi qamoqxona tizimi 32 ming mahbusga mo’ljallanib yaratilgan edi”, - deydi Jon Xovard uyushmasi rahbarlaridan biri Jennifer Vollen-Kats.

“Illinoys shtatining jazoni o’tash tizimini olsak, qamalganlar soni hozirda 47 ming atrofida”, - deydi u.

Mahbuslarning haddan ziyod ko’pligi jiddiy muammo, deydi Vollen-Kats. Bu mahbuslar uchun ham, xodimlar uchun ham xavf tug’diradi. Mahkumlarda hulqini yaxshilash imkoni ham bo’lmaydi.

“Mahbuslar vaqtidan unumli foydalana olmaydi, ya’ni bilim olish, kelajakda ish topishi uchun hunar o’rganish imkonidan mahrum bo’ladi. Zerikish, oila a’zolarini sog’inish haqida gapirmayman ham”, - deydi Vollen-Kats.

Jon Xovard uyushmasi Illinoys shtatidagi o’smirlar va kattalar qamoqxonalaridagi vaziyatni o’rganadi. Maqsad siyosatchilar va jamoatchilikni sud tizimidagi vaziyatdan va olib borilayotgan siyosat oqibatida vujudga kelayotgan nuqsonlardan boxabar qilishdir, deydi Vollen-Kats.

“Qamoqxonalarga borib, u yerdagi ichki vaziyatni o’z ko’zimiz bilan ko’rish va ko’rganlarimizdan tashqi dunyoni xabardor qilish bizning vazifamiz. Dunyo bilsinki, fuqaro qamalganida ham o’z fuqarolik huquqlarini yo’qotmaydi. Insonligicha qoladi, jazoni o’tab bo’lgach yana jamiyatga qo’shiladi”, - deydi mutaxassis.

Tashkilotning bunday faoliyati jiddiy o’zgarishlarga turtki bo’ldi. Masalan, faollar mahbuslarga sifatli tibbiy yordam ko’rsatilmasligi haqida xabar bergach qamoqxonalardagi kasalxonalar tekshirilib, islohotlar amalga oshirildi.

2009-yilda bir yigit qamoqda joniga qasd qilganidan so’ng tashkilot mahbuslar orasida ruhiy kasalliklarni tashxis qilish zarurati haqida bong urdi. Oqibatda bunday holatlarning oldini olish uchun choralar ko’rildi, masalan, temir karavotlar yo’q qilindi.

“Ular joniga qasd qilishda katta rol o’ynagan. Biz bu turdagi jihoz xavfli ekani haqida bir nechta hisobot chiqarganmiz. Natijada deyarli barcha qamoqlarda temir karavotlar o’rniga plastmassa karavotlar o’rnatildi. Xavf ancha kamaydi”, - deydi tashkilot vakili.

Jon Xovard uyushmasi joriy yilda Makartur jamg’armasining “Ijodiy va samarali institutlar” mukofotiga sazovor bo’lgan to’qqiz nodavlat tashkilotidan biri. Bu hukumatdan hech qanday mablag’ olmaydigan tashkilot uchun katta yordam, deydi Vollen-Kats.

“Mukofot 500 ming dollarga teng. Demak, faoliyatimizni nafaqat davom ettirishimiz, balki kengaytirishimiz ham mumkin. Jamoatchilikni muammolardan xabardor qilishda davom etamiz. Bizdek tashkilot uchun bu katta yordam”, - deydi u.

Olingan mablag’ yordamida jazoni o’tash tizimida yanada chuqurroq islohotlarni ilgari suramiz, deydi suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG