AQShda minglab mahbuslar ozodlikka chiqarilmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerikada giyohvandlik bilan bog'liq ayrim jinoyatlar uchun jazo muddatlari qisqargani bois bu mamlakat tarixida eng ko'p mahbuslar ozodlikka chiqishi kutilyapti. 2-noyabr kuni minglab odam qamoqxonalarni tark etadi. Ular sodir etgan jinoyatlar uchun jazo muddati o'rtacha ikki yilga qisqargan. Ayrimlar bu tashabbusni olqishlasa, choradan norozi odamlar ham bor.

Oxirgi uch yilda Greg Nelson ilk bor ozodlikka juda yaqin turibdi. U hozir tashqariga chiqish uchun tayyorgarlikdan o'tyapti.

"Bundan juda xursandman", - deydi u.

Nelson 2012-yil 6000 dollarga teng geroin olib ketayotganda qo'lga tushgan. U o'rtada vositachi edi.

"Narkoman ham bo'lganman", - deydi u.

Nelson yangi tartib bo'yicha ozodlikka erta chiqayotgan dastlabki olti ming mahbusning biri. Nozo'ravon jinoyatlar uchun jazo muddatlari kamaytirilgan. Buni qo'llab-quvvatlayotgan tashkilotlar ko'p.

"Qamadik, yana qamadik, chunki bu oson. Odamlar bundan o'zini yaxshi his qiladi, aslida esa unday emas. Bu juda qimmatga tushyapti", - deydi "Minimum jazo muddatlariga qarshi oilalar" tashkiloti rahbari Jyuli Styuart.

O'tgan besh yilda AQShda jinoyatchilik 12 foizga kamaygan. Yangi choralarga qarshilar, xususan, prokurorlar yana jinoyatchilik kuchayishidan xavotirda.

"Giyohvandlik bilan shug'ullanuvchi odam yuzingizga qurol tiramasligi yoki raqibini otmasligi mumkin, lekin bunday jinoyatni nozo'ravon deyish to'g'ri emas", - deydi prokuror Stiv Uossermen.

Jennifer Meslienoning markazi mahbuslarga ish va turar joy topishda ko'mak beradi. Ular ozodlikka chiqish oldidan shu yerda yashaydi. Statistikaga ko'ra, qamoqdan chiqqan 4 odamdan 3 tasi yana qayta qamaladi. Bunday markazlar shu narsani o'zgartirishga xizmat qiladi, deydi Meslieno.

"Muvaffaqiyatga erishish uchun, qamoqqa tushishdan oldin yashagan sharoitlariga qaytmaslik uchun ular yordamga muhtoj", - deydi u.

"Bu yerda jamiyatga sekin-asta qo'shilishga o'rgatishadi", - deydi Nelson.

6000 mahbusning ozodlikka chiqishi faqat boshlanishi. Kelasi bir necha yilda ular soni 40 mingga yetadi. Bu giyohvandlik jinoyati bilan qamalganlarning teng yarmi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG