AQShda bepul xizmat ko'rsatuvchi advokatlar ko'p

  • Amerika Ovozi

Vashington

Vashington

Mijozlarga bepul xizmat ko’rsatuvchi huquqshunoslar, odatda, pro-bono advokatlar deb ataladi.

65 yoshli Linda bir yildan beri nevara jiyani Mayklning vasiyligini qo’lga kiritish uchun kurashmoqda.

“Bola ko’p zug’umga uchradi, e’tiborsiz qoldi, shuning uchun sudlar orqali vasiylikni qo’lga kiritishga urindim”, - deydi Linda.

Bu orada u bepul huquqiy xizmat ko’rsatuvchi Bet Tzedek tashkiloti haqida eshitib qoldi. Tashkilot pro-bono yordam beruvchi katta firmadan huquqshunos topib berdi. Bir yildan so’ng Linda nihoyat maqsadiga erishdi, Mayklni o’z qaramog’iga oldi.

“Boshida o’zimni yo’qotib qo’ydim, keyin uddalaganimdan quvonib ketdim. Hozir u men bilan. Endi uyga borib Mayklga, bizning o’z uyimiz bor, deb ayta olaman”, - deydi u.

“O’Melveny & Myers” yuridik firmasidan Deyvid Leshning aytishicha, hozir ko’plab mashhur huquqiy kompaniyalar bepul xizmatlarni taklif etmoqda.

“Oxirgi 10 yilda huquqshunoslar orasida pro-bono xizmat ko’rsatuvchilar soni oshdi”, - deydi advokat.

Deyvid Lesh ishlaydigan firma tijoratdan tortib mualliflik huquqiga bo’lgan ishlarni qamrab oladi. Shuningdek, dunyo bo’ylab pro-bono xizmatlarini ham taklif qiladi.

“Bunday xizmat turi kengayib boryapti. London va Bryusseldagi ofislarimiz orqali ko’p bepul yordam ko’rsatamiz. Gonkong, Singapur va Xitoydagi idoralarimiz ham u borada faol”, - deydi u.

Lesh har kuni bepul huquqiy xizmat ko’rsatuvchi tashkilot va jamiyatlar bilan aloqada. Masalan, bugun u Bet Tzedek tashkilotining pro-bono xizmatlar direktori Diyego Kartagena bilan uchrashdi. Ular Markaziy Amerikadan AQShga kelayotgan muhojir bolalarga qanday yordam ko’rsatish mavzusida gaplashdi.

“Kelasi oylarda ana shunday bolalar bilan bog’liq yuzlab sud ishlari bo’lishini kutyapmiz”, - deydi Kartagena.

Odatda, bunday suhbatlardan so’ng Lesh boshqa shtatdagi advokat va huquqshunoslar bilan bog’lanib, mavzu bo’yicha ularning fikrini o’rganadi. So’ng kompaniyada pro-bono yordam ko’rsatish bo’yicha amaliyot o’tayotgan talabalar bilan ishlaydi. Leshning aytishicha, bepul xizmat ko’rsatish ortida turli sabablar bor.

“Har sohaning oldi bo’lish uchun katta huquqiy firmalar pro-bono xizmatlarini ham taklif etadi. Bu yosh huquqshunoslarni tayyorlashning bebaho yo’li. Huquqshunoslik maktablarida talabalarni ishga yollashdan oldin ham bu usullar qo’l keladi”, - deydi u.

Odamlarga adolat ulashish demokratiyaning bir ko’rinishi, deydi Lesh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG