“Begunoh musulmonlar” filmida o’ynagan aktrisa prodyuserni sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Jakartada, Amerika elchixonasi yonida musulmon namoyishchilar politsiya bilan to'qnashdi, 17-sentabr, 2012-yil.

Jakartada, Amerika elchixonasi yonida musulmon namoyishchilar politsiya bilan to'qnashdi, 17-sentabr, 2012-yil.

AQShda ishlangan, Muhammad payg’ambarni masxara qilib musulmon dunyosida keskin qarshilikka sabab bo’lgan filmda o’ynagan aktrisa prodyuserni yolg’on va tuhmatda ayblab, sudga bergan.



Bugun Los-Anjeles sudiga murojaat qilgan Sindi Li Garsiya so’zlariga ko’ra, Begunoh musulmonlar filmi prodyuseri Nakula Bassili Nakula uni aldagan. Qadim Misr haqida sarguzasht kartinada suratga tushayapsan, deb laqillatgan. Lekin keyin dialoglar qayta dublyaj qilinib, Muhammad payg’ambarni mayna qiluvchi gaplar qo’shilgan.

Garsiya deydiki, filmning qisqa versiyasi internetda paydo bo’lganidan beri aktrisaga “seni o’ldiramiz” deb po’pisa qilingan. Ayol oilasi hayotidan xavfsirab, yaqinlari bilan ko’risholmay qolgan.

Aktrisa global tarmoqdagi YouTube va Google kompaniyalari ustidan ham sudga arz qilgan. Bu saytlardan film olib tashlansin, deydi u. Garsiya nazarida uning shaxsiy hayot kechirishdek uzviy huquqi poymol etilmoqda.

Film atrofidagi shov-shuv AQShga qarshi qonli chiqishlarga turtki bergan. Liviyaning Bing’ozi shahrida o’tgan hafta Amerika vakolatxonasi hujumga uchrab, to’rt diplomat o’ldirilgan edi.

Bugun Pokiston poytaxti Islomobodda qariyb ming talaba elchixonalar va hukumat idoralari joylashgan hududga yaqinlashmoqchi bo’lgan, biroq politsiya ularga yo’l bermagan.

Afg’oniston poytaxti Kobulda ham yuzlab odamlar namoyishga chiqib, Amerikaga qarshi hayqiriqlar yangragan.

Eronda talabalar “Fransiyaga o’lim” degan shiorlar bilan bosh ko’targan.

Fransiyadagi Charlie Hebdo jurnali shu hafta Muhammad payg’ambar kulgiga olingan, hatto uni yalang’och holda tasvirlovchi karikaturalarni chop etdi. Bosh sahifada ortodoks yahudiy Muhammad payg’ambar o’tirgan nogironlar aravachasini itarib ketayotgani tasvirlanadi.

Fransiya hukumati ehtiyot chora sifatida 20 davlatda elchixona, madaniyat markazlari, vakolatxona va maktablarini vaqtincha yopgan.

Oq uy so’zlovchisi Jey Karnining aytishicha, jurnal tahririyati nima uchun islomni haqoratlovchi rasmlarni bosdi deya savolga tutish o’rinli. Lekin matbuot erkinligi degan narsa ham bor. Haqorat va provokatsiya zo’ravonlik uchun asos emas, deydi rasmiy.

Fransiyada islom ahli jurnal qarorini tanqid qilmoqda. G’arbiy Yevropada musulmonlar soni jihatidan Fransiya birinchi o’rinda turadi.

Hukumat tahririyat binosini mudofaa qilish uchun politsiyachilarni safar etgan. Bosh vazir Jan-Mark Eyro xalqni tinchlikka da’vat etib, Fransiyada so’z erkinligi kafolatlangan deya eslatmoqda.

Bosh vazirning aytishicha, karikaturadan norozilar sudga shikoyat yo’llab, masalani qonuniy yo’l bilan hal qilishi kerak.

Charlie Hebdo satirik jurnali o’tgan yili ham Muhammad payg’ambar suratlarini chop etib, natijada uning binosiga o’t qo’yilgan edi.

Mamlakatda musulmonlar yetakchisi Muhammad Mussaiy provokatsiyaga e’tibor bermang, deydi. Lekin hukumat barcha din ahli birday e’zozlanishi, haq-huquqi teng ekanini takror-takror eslatishi shart, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG