AQSh Toshkentdan Samandar Qo‘qonovni ozod qilishni so'radi

  • Amerika Ovozi

Samandar Qo'qonov

Samandar Qo'qonov

AQSh o‘zbek rasmiylarini 23 yildan buyon panjara ortida qolayotgan va yaqinda qamoq muddatiga yana 3 yil qo'shib berilgan Samandar Qo‘qonovni "insonparvarlik yuzasidan" ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda "Reuters" axborot agentligi yuqori lavozimli amerikalik diplomat so‘zlariga tayangan holda xabar tarqatdi.

72 yoshli sobiq deputat Samandar Qo‘qonov davlat mulkini talon-taroj qilganlikda ayblanib, 1993-yil hibsga olingan va Milliy Xavfsizlik Xizmati yerto‘lasida bir yarim yil saqlanganidan so‘ng 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 2014-yilda uning jazo muddati yana ikki yilga uzaytirilgan edi.

Huquq faollariga ko'ra, Qo‘qonov mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq vaqt qolayotgan siyosiy mahkumdir.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Nisha Bisval Qo‘shma Shtatlar Samandar Qo‘qonovni ozod qilishga chaqirganini tasdiqladi.

"Qamoqda favqulodda uzoq muddat qolgan, umrining poyonini yashayotgan shaxslar oilalari bilan birga uylarida bo'lishi uchun ularga insonparvarlik avfini qo'llash masalasini ko'tardik",- dedi Bisval "Reuters" agentligiga bergan suhbatda.

O‘zbekiston Oliy kengashi deputati¸ Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi sobiq boshlig‘i Samandar Qo‘qonovga berilgan so‘nggi qamoq jazosi 6-oktabr kuni tugagan edi. 7-oktyabrda Zarafshon shahar sudi Qo‘qonovning jazo muddatini “qamoqxona ichki tartibini buzdi” degan ayblov bilan yana 3 yilu 5 kunga uzaytirgan.

Joriy yilda uch siyosiy mahbus - A’zam Farmonov, G’anixon Mamatxonov va Samanqar Qo’qonov – uzoqroq qamoqda qoladigan bo’ldi. Ularning hammasi jazo o’tash tartibini buzishda ayblangan. A’zam Farmonovga 5 yil, G’anixon Mamatxonovga 2 yil, Samandar Qo'qonovga esa ikki bor, 2014-yilda 2 yil, shu yilning 7- oktabrida yana 5 yillik qamoq jazosi qo’shib berildi.

Siyosiy va diniy mahbuslarga belgilangan jazo muddatini qamoqxona ichki tartibini buzish aybi bilan uzaytirish Karimov davrida keng qo’llanilgan chora. Samandar Qo’qonovga belgilangan jazo muddati yangi hukumat, o’zgarishlar, shu jumladan, sud tizimida ham islohotlar va’dasini berayotgan yangi rahbar boshqaruvi ostida kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG