Irqchilik va irq - Amerika maktablarida

  • Amerika Ovozi

Amerikada politsiya zo’ravonligi, xususan, huquq-tartibot xodimlarining qurol ishlatishga hozirligi katta bahslarga sabab bo’lmoqda.

Joriy yilning besh oyida qariyb 400 fuqaro politsiya o’qidan o’lgan, lekin javobgarlikka tortilgan mirshablar sanoqli.

AQSh adliya tizimidagi nuqsonlar, bu tizimda irqchilik va diskriminatsiya qanday rol o’ynashi Missuri shtatidagi bir maktabda o’quv programmasiga kiritilgan.

Sent-Luis shahridagi Ledu maktabidamiz… Sinfxonada qizg’in muhokama. Vinsent Flevelen o’tayotgan dars algebra yoki grammatika emas. O’quv programmasi bugungi voqealar asosida tuzilgan.

“Fergusondagi to’polonlar va Mayk Braunning o’limi shundoq ko’z oldimizda. Qo’shni shaharda ro’y bergan bu voqealarni chetlab o’ta olmayman”, - deydi domla.

Madaniyatshunoslik darsida Flevelen milliy taomlar va immigratsiya haqida gapirish bilan cheklanmasdan, irqchilik va diskriminatsiya kabi nozik mavzularni ko’taradi, o’quvchilari bilan muhokama qiladi.

“Politsiya yoki posbonlar dastidan o’lgan qora tanlilarning sanog’i yo’q – Maykl Braun, Treyvon Martin, Erik Garner, Tamir Rays. Qachon chek qo’yiladi bunga?”, - deydi Flevelen.

Muallimga ko’ra, turli irq va millat vakillaridan iborat bu o’quvchilar atrofda bo’layotgan voqealarni sinfxonada ochiq muhokama qila oladi. Ularni o’ylantirayotgan savollarga javob topadi, fikrini ochiq aytadi.

“Bolalarda savollar ko’p bo’ladi. Dunyoni tushunishda biz ularga yordam berishimiz kerak. Shaxsiy fikr-qarashlarimni qo’shmasdan, muhokamani ularning o’ziga qo’yib beraman”.

Missuri universiteti professori Brayan Hatchisonning aytishicha, mavzu nozik ekani sabab aksar amerikaliklar bu haqda ochiq gapirishni istamaydi.

“Azaldan shunday bo’lib kelgan. Birovni ranjitib qo’yamiz yoki bu haqda gapirishdan foyda yo’q deb, ko’pchilik irqiy munosabatlardan og’iz ochmaydi. Ba’zilar hatto qo’rqadi”, - deydi u.

Bu darsni tanlash o’quvchilarning o’ziga havola. Muallimning aytishicha, tanlangan materiallar hamda politsiya otishmalari bilan bog’liq holatlar qanday talqin etilayotgani yuzasidan ayrim ota-onalar e’tiroz bildirgan bo’lsa-da, o’quvchilar orasida qiziqish kuchli.

Qani edi butun mamlakat bo’ylab maktablarda shunday darslar yo’lga qo’yilsa, deydi Flevelen, ehtimol irqiy mojarolar kamaygan bo’lardi. Politsiyachilar va ular xizmat qiladigan aholi orasida ishonch tiklanishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG