Amerika ko’chmas mulk bozoriga chet eldan xaridor mo’l

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya sohillari

Kaliforniya sohillari

Davlatmand insonlar sarmoya qilishni biladi, ba’zilar pulini ko’chmas mulkka, uylarga tikadi. Amerikada ham shu. Bu davlatda uy egalarining faqat olti foizi xorijliklar. Lekin shunday sohalar borki, chet elliklar eng faol xaridorlar sanaladi.


Fenshuyni ayrimlar bid’at deb biladi, lekin aksariyat xitoyliklar uchun bu omad kaliti. Uy sotib olishda ham ular fenshuy qoidalariga amal qiladi. Xitoylik Katay Viks Qo’shma Shtatlarda uy xarid qilishdan oldin o’zi ishongan udumini qildi.

“Uyim yorug’ va keng bo’lishini xohlagan edim. Katta bo’lishi shart emas, lekin kiriboq yengil tortishim lozim”, - deydi Viks.

Viks Amerikaning yirik shaharlarida uy sotib olishga qiziqib qolgan ko’p sonli xorijliklardan. Jed Kolko iqtisodchi, ko’chmas mulk bilan shug’ullanib keladi.

“Amerikaning ayrim shaharlarida ko’chmas mulkka chet eldan qiziqish juda katta. Bu esa muayyan joylarda narxlarni oshirayapti. Ayniqsa, Los-Anjeles, Mayami va Nyu-Yorkda savdo qiziyapti”, - deydi Kolko.

Los-Anjeleslik Anjela Vong so’zlariga ko’ra, o’tgan yili xitoylik mijozlar soni 30 foizga oshgan.

“Sarmoya kiritishdan maqsad shu yerda o’qiyotgan farzandlari uchun uy xarid qilish. Bu bir. Ikkinchidan, ular Amerikaga ko’chib kelishni niyat qiladi”, - deydi Vong.

Xitoylik kliyentlarning yarmi Kaliforniyaga keladi. Bu shtatning Irvin shahrida qad ko’tarayotgan yangi imoratlarga chet ellik xaridor qiziqib qolgan. Imoratlar muallifi – Emil Haddad.

“Loyihada boshdan oyoq fenshuyga amal qildik. Hatto ko’cha nomlariga e’tibor berdik. Bu nomlar quloqqa yaxshi eshitilishi, ijobiy ma’noni anglatishiga ishonch hosil qildik”, - deydi Haddad.

68 mamlakatdan odamlar AQSh ko’chmas mulk bozoriga investitsiya kiritayapti. Bozorni yaxshi bilgan Shannon Millerning aytishicha, ko’p xorijliklar naqd pul to’laydi. Bu esa Los-Anjeles ko’chmas mulk bozorida raqobatni oshiradi – mahalliy xaridor doim ham naqd pul to’lashga qurbi yetmaydi.

“Amerikada mahalliy xaridor aksariyat hollarda kreditni ishga soladi. Naqd puli borlar esa oraga kirib, o’ljani ilib ketadi. Iqtisodiy tanazzul avjiga chiqqan pallada, odamlar uyi uchun pul to’lolmay qolgan damda chet ellik xaridor faollashgan”, - deydi Miller.

AQShda uy olishga turtki berayotgan yana bir omil – EB-5 vizasi. Uning talablari shuki, chet ellik tijoriy loyihaga pul tikishi va Amerikada uy sotib olishi lozim. Iqtisodchilar ko’chmas mulk narxi yanada oshishini bashorat qilmoqda. Xorijliklar ham sarmoya kiritishda davom etishi aniq, deydi mutaxassislar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG