AQSh kamida 10 ming suriyalik qochoqni qabul qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Germaniyada suriyalik qochoqlar bilan uchrashdi, 20-sentabr, 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Germaniyada suriyalik qochoqlar bilan uchrashdi, 20-sentabr, 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, 1-oktabrdan boshlab 2016-yil uchun AQSh kamida 85 ming qochoqni qabul qiladi. Ularning kamida 10 mingtasi suriyalik bo'ladi. Rossiya harbiylarining Suriyada faollashgani besh yillik mojaroni tugatish istiqbolini yanada chigallashtirmoqda.

Berlinda qochqinlar bilan uchrashgan Kerri kelasi ikki yil ichida AQSh xorijdan olinadigan qochoqlar sonini sezilarli darajada oshirishini ma'lum qildi. 2016-yilda 80 ming odam qabul qilinsa, 2017-yil ular soni 100 mingga chiqariladi.

"Bu qiyin masala ekanining sabablaridan biri shundaki, 11-sentabr voqealaridan so'ng biz xavfsizlik tekshiruvlarini kuchaytirishga oid yangi qonunlar va shartlar qabul qilganmiz. Shuning uchun bu uzoq vaqt oladigan jarayon va xavfsizlik talablarini aylanib o'ta olmaymiz. Ammo men bugun e'lon qilayotgan qaror orzu va imkoniyatlar o'lkasi bo'lgan Amerikaning eng yaxshi qadriyatini namoyon qiladi. Gumanitar yordam uchun nafaqat hukumat, balki Amerika xalqi ham qo'shimcha moliya ajratadi", - dedi AQSh davlat kotibi.

O'tgan hafta AQShning 20 dan ziyod rasmiysi Oq uydan 2016-yil 100 ming suriyalik qochoqni qabul qilishni so'ragan edi. Kerrining aytishicha, jarayonni tezlatish uchun Kongress qo'shimcha mablag' ajratishi kerak.

"Kongressda, tabiiyki, bu bahs mavzusi bo'ladi. Hozir zudlik bilan bajarishga ko'zimiz yetadigan narsalarimizni qilyapmiz. Imkoniyatimiz bo'lishi bilan eshiklarimizni ochamiz. Chunki Amerika bunday sharoitlarda doim ko'p odamlarni qabul qilib kelgan", - deydi Kerri.

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Hillari Klinton AQSh 2016-moliyaviy yilda 65 ming suriyalikni qabul qilishi kerak dedi.

"AQSh dunyoni ortidan ergashtirishini istayman. Kelayotgan BMT Bosh Assambleyasi yig'inida Iordaniya, Turkiya va Livan kabi ko'plab qochoqlarni qabul qilgan davlatlarga yordam ajratish masalasi ovozga qo'yiladi. Bunga hamma o'z hissasini qo'shishi kerak", - dedi Klinton.

Berlindagi uchrashuvda Kerri, shuningdek, Suriya inqirozining asosida yotgan asl sabablarni bartaraf etish lozimligiga ham urg'u berdi. Rossiya yoki boshqa davlatlar tomonidan Suriya rejimining harbiy qo'llab-quvvatlanishi ekstremistlar sonining yanada oshishiga va besh yillik mojaroga yechim topish imkoniyatining kamayishiga xizmat qiladi, deydi AQSh diplomati.

Rossiya Suriyaga harbiy samolyot va vertolyotlardan tashqari 500 nafar askar ham jo'natgan. Kreml Damashq bilan ilgari tuzilgan shartnomalar doirasida ish ko'rayotganini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG