Breaking News
Din

Amerikada dinsizlar soni oshmoqda


Yangi tadqiqotga ko’ra, har besh amerikalikning biri dahriy yoki biror dinga mansub emas. Ular orasida xudoga ishonuvchilar bor, lekin aksariyati hech bir dinga ergashmaydi. Dinsiz amerikaliklar orasida Demokratik partiya tarafdorlari ko’p.

AQShda dinsizlik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00
Yuklab oling

Din va jamoatchilik hayotini o’rganuvchi “Pyu” (Pew) forumining yangi tadqiqotida dindor yetakchilar va siyosatdonlarni birdek o’ylashga majbur qilayotgan yangi bir guruh tilga olingan: dinsiz amerikaliklar. Ularning soni yildan yilga oshib bormoqda.

Amerikada dinsizlar qatoriga ateistlar, agnostiklar va biror e’tiqodga o’zini mansub deb bilmaydigan odamlar kiradi. Ularning soni, taxminan, 46 million atrofida.

Tadqiqotchi Greg Smitga ko’ra, Amerikada dinsiz odamlar, yevropaliklardan farqli o’laroq, ruhiy olamga ishonuvchan. So’rovda qatnashgan ishtirokchilarning aksariyati xudoga ishonishini aytgan. Ularning 20 foizi har kuni ibodat qilishini ta’kidlagan.

“Ularni xudosiz deb bo’lmaydi. Biror uyushgan diniy guruhlarga ergashmaydi, xolos”, - deydi tadqiqotchi Smit.

Dinsizlik, ayniqsa, yoshlar orasida urf bo’lgan. Ularning uchdan bir qismi o’zini dahriy deb biladi. Smitning aytishicha, bu avlod keksayganda ham biror dinni ushlashi dargumon.

“Yoshlar nafaqat bugungi keksa avlodga qaraganda, balki eski yosh avlodga nisbatan ham biror dinga ergashmasligi bilan ajralib turadi”, - deydi tadqiqotchi Smit.

Buning siyosiy oqibatlari ham talaygina. 2008-yilgi prezident saylovida dinsizlarning to’rtdan uch qismi Barak Obamaga ovoz bergan. So’rovlarning ko’rsatishicha, Obama tarafdorlari orasida dinsizlar hozir eng katta diniy guruh. Ular katolik va yevangelchi protestant demokratlardan ham ko’p.

Xudosiz demokratlar liberal qarashlarni qo’llab-quvvatlaydi. Ular abort amaliyoti va bir jinsli oilalar qurilishiga qarshi emas.

Sobiq prezident Bill Klintonning matbuot kotibi Mayk Makkerrining aytishicha, dinsizlarga dunyoviy saylovchilar sifatida qarash to’g’ri emas.

“Ularning qandaydir ruhiy yoki diniy hayotga qiziqishlari yoki hayotlaridagi shu bo’shliqni to’ldirishga intilishlari bor gap. Buni nazardan qochirmaslik kerak”, - deydi Makkerri.

Darhaqiqat, Amerikada din qudratli siyosiy qurol. Demokratlar partiyasining o’tgan oy bo’lib o’tgan qurultoyida o’ng qanot sharhlovchilarning tanqididan so’ng Demokratik partiya platformasiga “xudo” so’zi qayta kiritildi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, dinsizlarning ko’payishi cherkovlarda olib boriladigan siyosiy ma’ruzalarga qarshi boshlangan harakat natijasidir.

Etika va jamoatchilik siyosati markazida (http://www.eppc.org) yevangelchilar dasturi boshqaruvchisi Maykl Kromartining aytishicha, odamlar cherkovda siyosiy ma’ruza tinglashdan charchagan.

“Cherkov minbarlarining siyosiylashgani dindorlar kamayishiga bir sabab. Odamlar cherkovga siyosiy ma’ruza eshitish uchun emas, boshqa muhimroq sabablar uchun borishadi”, - deydi Kromarti.

Prezident saylovlari yaqinlashar ekan, nomzodlar dindor va dinsiz amerikaliklarni o’z tomoniga og’dirish payida. Tarixan dindor saylovchilar respublikachilarga moyil bo’lsa, dinsiz guruhlar qarashlari ancha liberal bo’lgan demokratlarni qo’llab-quvvatlaydi.

Nyu-York ahlini shukur qilishga o'rgatayotgan shaman/Shaman in NYC
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:27 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG