Konservativ saylovchilar kelasi yili prezident Obamani mag’lub qilmoqchi


Konservativ saylovchilar kelasi yili prezident Obamani mag’lub qilmoqchi

Konservativ saylovchilar kelasi yili prezident Obamani mag’lub qilmoqchi

Amerikada e’tiqod siyosiy munosabatni ham belgilaydi. Konservativ nasroniylar bu jamiyatda katta kuch va nomzodlar ularning ovozini olishga harakat qiladi.

2008-yilgi prezident saylovlarida konservativ guruhlar demokratlar nomzodi Barak Obamani mag’lub eta olmagan. Ammo bu safar, ya’ni kelasi yilgi poygada imkoniyatni bermoqchi emas.

Debra Kol E’tiqod va ozodlik koalitsiyasining Vashingtondagi yig’ilishida ishtirok etish uchun mashinada bir necha yuz kilometr bosib o’tdi. Uning nazarida Amerikadagi muammolarni hal etishda dinga murojaat etish kerak.

"Choychilar", o'ta konservativ harakat a'zolari

"Choychilar", o'ta konservativ harakat a'zolari

"Mamlakatdagi jarayonlarga, madaniyatimiz, jamiyatimiz, oilalarimizga e’tibor bersangiz, ko’plab muammolarni ko’rish mumkin, ammo odamda ishonch, Yaratganga e’tiqod bo’lishi zarur", - deydi u.

Debra Kol prezident Barak Obamani kelasi yil saylovlarida mag’lub etishga bel bog’lagan faollar safiga qo’shildi.

E’tiqod va ozodlik koalitsiyasi prezidenti Ralf Ridning aytishicha, konservativ nasroniylarning o’tgan saylovlarda befarqligi sabab Obama g’alabaga erishdi.

"2008-yilgi saylovda 17 million nasroniy ovoz bermagan. Bu juda ham tashvishlanarli hol".

Rid 1990-yillarda Respublikachilar partiyasiga yordam berish uchun Nasroniy Koalitsiya tuzib, konservativ qarashdagi dindor amerikaliklarni to’plagan.

Ammo Vashingtondagi siyosiy bir mashmashaga aloqadorligi aniqlangach, guruh faoliyati sustlashgan. Bugun u yana kuchga to’lmoqda. Joriy yilda respublikachi da’vogarlarning deyarli barchasi koalitsiya uyushtirgan tadbirlarda ishtirok etgan.

Mishel Bakman, Kongress a'zosi

Mishel Bakman, Kongress a'zosi

Mishel Bakman muxolifatning yana bir tayanchi – “Choychilar” siyosiy harakatining arzandasi. O’tgan yilgi Kongress saylovlarida amaldagi siyosatga qarshi ma’ruzalari ko’plarni ruhlantirgan edi. Aksar konservativ nasroniylar soliqlarni ko’tarishga qarshi, hukumat ham kichikroq bo’lsin deydi.

Ammo barcha dindorlar ham birday fikrlamaydi. Cherkov xodimi Jennifer Batler konservativ dindorlar va “Choychilar” harakatining bo’lajak saylovlarga ta’siridan xavotirda.

“Ralf Ridga o’xshaganlar ikki harakat maqsadlarini birlashtirmoqchi. Bu mamlakatda dindorlar hali ham katta kuch", - deydi u.

Konservativ saylovchilar ijtimoiy qadriyatlarni yoqlab, abort qilish va ayni jins vakillarining turmush qurishiga qarshi chiqib keladi.

Yana bir konservativ guruh vakili Maykl Kromartining aytishicha, 2012-yilda diqqat boshqa masalalarga qaratiladi.

"Mamlakatda ahvol og’ir. Bundanda muhimroq muammolar bor. Iqtisodiyot va terrorga qarshi urush shular jumlasidan."

Kromartining aytishicha, konservativ nasroniylar Mitt Romni va Jon Xantsmen kabi respublikachi nomzodlarga ovoz berishi mumkin. Ammo mormonlar oqimiga mansub bu arboblarni ayrim injilchilar nasroniy deb bilmaydi.

XS
SM
MD
LG