AQSh xalqaro komissiyasi: Erkin e'tiqod - uzviy huquq


Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya yillik hisoboti AQSh prezidenti, Davlat kotibi va Kongress a’zolari uchun tayyorlanadi.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya yillik hisoboti AQSh prezidenti, Davlat kotibi va Kongress a’zolari uchun tayyorlanadi.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) taqdim etgan bu yilgi hisobotda, Turkiya va Tojikiston e’tiqodni eng keskin ravishda cheklayotgan davlatlar qatoriga kiritilgan. Birma, Shimoliy Koreya, Misr, Eritreya, Eron, Iroq, Nigeriya, Pokiston, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Sudan, Turkmaniston, O’zbekiston va Vyetnam anchadan beri bu ro'yxatda.

Diniy erkinlikni cheklash deganda xalqaro komissiya ko’p hollarda ozchilikdagi jamoalarga nisbatan munosabatni nazarda tutadi. Masalan, Saudiya Arabistonida islomdan o'zga dinda bo’lganlarga toqat yo’q.

Markaziy Osiyo davlatlari tanqid qilinganida, ko'proq nasroniylarga munosabat salbiy ekani qayd etiladi. Shuningdek, islom ham butkul nazorat ostida ekaniga e’tibor qaratiladi.

Buning nimasi yomon deb xayron bo’layotganlarga Amerika hukumatining javobi shuki, erkin e’tiqod – insonning uzviy huquqi. Uni cheklash umumbashariy talablarga yo’q deyish bilan barobar.

Inson o'zi istagan dinga sig'inishga haqli, deya bildiradi xalqaro komissiya

Inson o'zi istagan dinga sig'inishga haqli, deya bildiradi xalqaro komissiya

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya yillik hisoboti AQSh prezidenti, Davlat kotibi va Kongress a’zolari uchun tayyorlanadi. Albatta, keng jamoatchilik ham undan ma’lumot manbai sifatida foydaladi.

Ammo asosiy maqsad – Amerika hukumatiga bu davlatlar bilan aloqalarida diniy erkinlik bilan bog’liq ahvolni hisobga olishni uqtirish.

Maxsus ro'yxatdagi davlatlar turli sanksiyalar bilan yuzlashadi. O’zbekistonga nisbatan 2004-yildan beri Kongress tomonidan qo’yilgan cheklovlar ortidagi sabablardan biri ham shu.

Respublikaga harbiy yordam ko’rsatmaslik haqidagi band, Afg’oniston yuzasidan hamkorlik sabab, o’tgan yili bekor qilinib, istisno tarzida cheklangan miqdorda ko’mak ko’rsatishga qaror qilingan. Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya bunga qa’tiyan qarshilik bildirgan.

Komissiyaning yetakchi mutaxassislaridan biri Ketrin Kosman (Catherine Cosman - audio) deydiki, mintaqa bo’ylab davlatlar ektremizmga qarshi kurash yo’lida qabul qilgan qonunlar shunday yozilganki, ularda aynan zo’ravonlik yoki zo’ravonlikka undash haqida gap ketmaydi.

Bu degani hukumat nazarida kim mutaassib ko’rinsa, o’shani sudlash mumkin. O’zbekistonda bunga yaqqol misol sifatida u nurchilarga qarshi olib borilgan kampaniyani ko'rsatadi.

Ketrin Kosman (Catherine Cosman), Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyada yetakchi mutaxassislardan biri

Ketrin Kosman (Catherine Cosman), Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyada yetakchi mutaxassislardan biri

Turk dinshunosi Said Nursiyning kitoblarini o’qigan odamlar haqida gap ketmoqda, deydi Ketrin Kosman. Bu shaxs bitgan adabiyotlar 1990-yillar boshida sobiq Sovet Ittifoqida erkin o’qilgan va ularni bemalol topish mumkin bo’lgan. Bu kitoblar diniy idoralarning ruxsati va quvvatlovi bilan chop etilgan. Bugunga kelib esa ular zo’ravonlikni targ’ib qiluvchi adabiyotlar deb qoralanmoqda. Lekin bu isbotlanmagan. Hatto nurchilar harakati o’zi bor yoki yo’qligi haqida ham aniq ma’lumotlar mavjud emas. O’zbekistonda esa bu kitoblarni o’qigani uchun o’nlab odamlar qamoqqa tashlandi. Ularning asosiy aybi – kitob o’qigani.

Mutaxassis O’zbekiston qamoqxonalarida minglab odamlar Hizb-ut-Tahrir harakatiga a’zolikda ayblanib o’tirganini ham qayd etadi. Ro’yxatga olinmagan diniy faoliyat jinoyat deb qaraladi. Bu degani islomni mustaqil tadqiq qilishga harakat qilganlarni ham qamash mumkin.

“Bizning nazarimizda e’tiqodni bu qadar cheklash bilan O’zbekiston hukumati radikalizm va mutaassiblik uchun zamin yaratmoqda... Diniy guruhlar, zo’ravonlik qilmasa, erkin faoliyat yurita olishi kerak",- deydi Kosman xonim.

O'zbekiston masjidlarida

O'zbekiston masjidlarida

O’zbekiston hukumati AQSh hisoboti va umuman bu boradagi tanqidlarni inkor etib, respublikada diniy tiklanish qonunlarga mos ravishda davom etayotgani, yangi masjidlar va islomdan dars beruvchi ilm dargohlari ochilgani, e’tiqodni izga solish tinchlikni saqlashning asosiy talabi ekanini ta’kidlab keladi.

Bu yil Turkiyadagi vaziyat keng muhokamada. Bu davlatning Vashingtondagi elchisi Mamik Tan komissiyani noxolis tahlilda ayblamoqda. Turkiyani diniy erkinlikni poymol etayotgan davlatlar qatoriga qo’shish haqiqatga to’g’ri kelmaydi, deydi u, Amerika axborot vositalariga bergan intervyusida.

Komissiyaning bildirishicha esa Turkiyada musulmon bo’lmagan fuqarolar doimiy tazyiq ostida. Ibodatxonalarga cheklovlar qo’yilgan. Ruhoniylarni tayyorlash va umuman diniy ta’lim bo’yicha nazorat tizgini qattiq tortilgan.

Lekin Turkiya, NATO a’zosi va AQShning yaqin ittifoqchilaridan biri ekan, unga qarshi biror jazo usuli qo’llanmasligi mumkin. Davlat departamenti, tashqi ishlar vazirligi, Turkiya yuzasidan komissiya bilan hamnafas emasligini bildirib keladi.

Komissiya o’tgan yili ham Turkiyani keskin tanqid qilib chiqqanida Davlat kotibasi Xillari Klinton bu mamlakatda din va e’tiqod erkinlashishi uchun jiddiy qadamlar tashlanmoqda deya izoh bergan.

Bu yilgi hisobotda yozilishicha, Afg’oniston, Belarus, Kuba, Hindiston, Indoneziya, Laos, Rossiya, Somali va Venesuelada ham fuqarolarning diniy huquqlari muntazam ravishda buziladi va ko’p hollarda adliya tizimi bu jinoyatlarga e’tibor bermaydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG