Diniy mavzudagi filmlarning muvaffaqiyat kaliti nimada?

  • Amerika Ovozi

"Nuh" filmidan kadr

"Nuh" filmidan kadr

Borliqning yaratilishini insoniyat tarixidagi eng zo’r hikoya deyishadi. Shu bois bo’lsa kerak, mana 100 yildirki Gollivudda Injilga asoslangan filmlar yaratiladi. Joriy yilning o’zida 16 tasi katta ekran yuzini ko’radi.
Ayrim kartinalar tezda unutiladi, boshqalari esa sovrinlarga sazovor bo’lib, hatto odamlar ongini o’zgartirishga qodir. Xo’sh, diniy mavzudagi filmlarning muvaffaqiyat kaliti nimada?

“Xudoning o’g’li”, Iso Masih hayoti haqidagi yangi film, tomoshabinlarga ma’qul kelgan ko’rinadi. Hatto cherkovlar kinoteatrlarni ijaraga olib, uni odamlarga namoyish etmoqda.

Falsafa professori Martin Oliver Iso Masihning hayoti tasvirlangan kartinalar asosan nasroniylar uchun yaratilishini aytadi.

“Ijodkorlar bu mavzuga yangicha yondashayotgani yoki talqin qilayotgani yo’q. Siz yaxshi bilgan hikoyani ekranlashtirgan, xolos”.

Professor Oliverning aytishicha, 2004-yilda “Masih iztiroblari” filmi o’ziga xos bir sinov, tajriba edi. U turli mamlakatlarda rekordlarni zabt etdi. Mel Gibson ishlagan kartina 1 milliard dollar daromad keltirdi.

“Katta ekranga chiqishidan oldin protestant va ayniqsa yevangel cherkovlarida keng ko’lamli reklama kampaniyasi olib borilgan o’shanda,” - ddeydi professor Oliver.

Gibson - talantli aktyor va rejissor. Uning talqinidagi Masih an’anaviy tasavvurlarni yo’qqa chiqardi, odamlar ongini ostin-ustun qilib yubordi.

“Xudoning o’g’li” filmini esa Gibsonning asari bilan qiyoslab bo’lmaydi. Katta shov-shuv uyg’otgani yo’q.

“Xudoning o’g’li” ijobiy, do’stona uslubda ishlangan. Darren Aronofskining “Nuh” deb nomlangan oxir zamon haqidagi yangi filmi undan keskin farq qiladi.

“Xudoning qahri kelgani dramatik ravishda tasvirlab berilgan unda. Omma yaratganni bunday tasavvur qilmaydi. Shu ma’noda, Aronofski yaratgan obraz Injilga to’g’ri kelmaydi,” - deydi mutaxassis.

Professor Oliver deydiki, filmda bosh qahramon Injilning eski ahdiga mos qilib tasvirlangan, ammo bu kino shinavandalariga ma’qul kelmasligi mumkin. Aholisi asosan katolik bo’lgan Meksikada kartina uncha ijobiy qarshi olinmadi. Nuh obrazi yaxshi ochib berilmagan, deydi tomoshabinlar. Islomda payg’ambarni ko’rsatish mumkin emasligi sababli musulmonlar ham filmga qarshi chiqdi.

Kinolenta ekologik mas’uliyatni targ’ib qilayotgan guruhlarga ma’qul kelsa ajabmas, chunki undagi asosiy g’oya – “tabiatni asramasak, nobud bo’lamiz”. Maxsus effektlar tomoshabinni o’ziga tortadi.

Diniy mavzudagi eng ta’sirchan asarlar ham ba’zida tezda unutiladi. Ammo taniqli kino yulduzlar yordamida va mahorat bilan ishlangan bo’lsa, vaqt qanday o’tganini bilmay qolasiz, deydi kinokritiklar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG