Respublikachilar orasida yagona lider yo'q

  • Amerika Ovozi

Barak Obama prezidentlikning ikkinchi muddatiga saylanganidan ko’p o’tmay poygada mag’lubiyatga uchragan respublikachilar 2016-yilda davlat rahbarligiga kimning nomzodini ko’rsatish haqida o’ylamoqda. Yaqinda o’tkazilgan so’rov bu partiyaning yagona lideri yo’qligini ko’rsatgan.


So’rov o’tkazgan Piter Braun hozirda barcha respublikachi arboblarning imkoniyatlari teng ekanini aytadi.

“Aniqlanishicha, respublikachilar saflarida yagona nomzod, yagona lider yo’q. Bir nechtasi, aniq aytadigan bo’lsam, besh arbob qolganlaridan oldinda, ovozlarning 9-10 foizini olgan”, - deydi tahlilchi.

Floridadan senator Marko Rubioni so’rovda qatnashganlarning 19 foizi qo’llab-quvvatlagan. Viskonsindan Kongress a’zosi Pol Rayan 17 foiz, Kentukidan senator Rend Pol 15 foiz, Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi 14 foiz va Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush 10 foiz ovoz to’plagan.

Braun fikricha, respublikachilar 2008 va 2012-yilgi mag’lubiyatini takrorlamasligi kerak. Bizga g’olib kerak, deydi u.

Har ikki partiya 2016-yilda prezidentlik uchun qatnashishi kutilayotgan nomzodlar haqidagi aniq rejalarni kelasi yil Kongress saylovlariga qadar oshkor etmaydi.

Piter Braun endi demokratlar orasidagi kayfiyatni va ularning 2016-yilgi rejalarini o’rganmoqchi.

“Demokratlarga kelsak, asosiysi - sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton prezidentlik uchun bellashadimi, degan savol. Biz hozircha umumiy so’rov o’tkazganimiz yo’q. Ayrim shtatlarni o’rgandik. Klintonning imkoniyalari juda baland”, - deydi u.

“ABC News” axborot agentligi yanvar oyida o’tkazgan tadqiqot so’ralganlarning 67 foizi Xillari Klintonni qo’llab-quvvatlashini ko’rsatgan.

Yana bir so’rov natijasiga ko’ra, 2016-yilgi poygada Klinton aksariyat respublikachi nomzodlar ustidan g’alaba qozonadi. Chunki so’rovda qatnashganlarning 43 foizi sobiq bosh diplomat, senator va birinchi xonimga ovoz berishini aytgan. Birgina gubernator Kris Kristining reytingi Klintonnikidan baland – 46 foiz.

Amaldagi vitse-prezident Jo Bayden ham 2016-yilgi poygada qatnashishi mumkin. Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo va Merilend gubernatori Martin O’Malli ham potentsial nomzodlar ro’yxatida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG