Breaking News

Respublikachilar va latino saylovchilar


Kolorado shtati
Kolorado shtati

Kelasi prezidentlik saylovlarida latinolar ovozi katta ahamiyatga ega bo’lishi aniq. AQSh aholisining 17 foizini tashkil etadigan bu demografik guruh – katta siyosiy kuch. 2012-yilda ularning aksariyati - 71 foizi – demokrat nomzodlarga ovoz bergan edi. Xo’sh, 2016-yilda latinolar kimni tanlaydi? Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilayotgan 12 siyosatchining har bir bayonotini latinolar diqqat bilan eshitmoqda.

Har bir ovoz muhim

Prezidentlik uchun saylovlarda latinolar asosan demokrat nomzod uchun ovoz beradi. Ammo ayrim shtatlar, masalan Floridada manzara o’zgarib turadi. 2004-yilda aynan shunday bo’lgan – aksariyat latinolar Prezident Jorj Bushni qayta saylagan.

“2016-yil 2012-yilga o’xshaydi. Bundan uch yil avval respublikachi nomzod Mitt Romni latinolar o’zini o’zi deportatsiya qilishi kerak, deb ularni bezitgan edi. Hozir ham respiblikachi da’vogarlar shunga o’xshash bayonotlar bilan chiqmoqda”, - deydi latino va immigrant jamoalar bilan ishlaydigan jamg’arma rahbari Deniel Altshuler.

Respublikachi uchun ovoz berish

Bu demografik guruh uchun immigratsiya sohasi islohoti – eng muhim masalalardan. Iqtisod, ta’lim va terrorizm ham katta ahamiyatga ega.

Nyu-Jersilik respublikachi latino Erminio Mendosa uchun ish joylari ham muhim. U tadbirkor. AQShga 17 yoshida Dominika Respublikasidan ko’chib kelgan. AQSh fuqaroligini olganidan keyin 2008-yilda Barak Obama uchun ovoz bergan. Endi esa respublikachilar partiyasini qo’llab-quvvatlaydi, chunki partiya platformasi bizneslar manfaatlari bilan hamohang, deydi Mendosa. U shtat gubernatori Krist Kristining prezident bo’lishini istaydi.

Tramp tarafdorlari

Kelasi yilda birinchi bor saylovda qatnashadigan 24 yoshli Kristian Martinez esa milliarder Donald Tramp tarafdori. Nomzodning meksikaliklar haqidagi haqoratomuz so’zlariga parvo bermang, deydi.

“Uning xodimlari orasida turli irq va elat vakillari bor. Tramp katta pul topadi, to’g’ri, lekin odamlarni ish bilan ta’minlaydi”, - deydi u.

Lekin latinolar orasida bundaylar kam, deydi Altshuler.

“Tramp tarafdoriman degan har bir latinoga milliarder nomzodga qarshi chiqadigan 50 latino to’g’ri keladi”, - deydi u.

Terrorizm atrofidagi xavotirlar

Martinez ham, Mendosa ham xavfsizlikni eng muhim masalalardan, deydi. Ikkovi ham suriyalik qochqinlarni qattiq tekshirish kerak, degan fikrda.

Ammo boshpana berayotganda odamning dini, irqi yoki elatiga qarash noto’g’ri, deydi ular. Suriyalik qochqinlar uchun eshiklarni yopish kerak, degan gubernator Kristidan farqli o’laroq Mendosa suriyalik go’daklarni qabul qilish tarafdori.

“Yoshi beshga kirmagan 100 million bolani olib kelishsa men ullarni bag’rimni ochib kutib olardim, chunki ular terrorchi emas”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG