Breaking News

Respublikachilar: Navbatdagi prezident haqiqiy konservator bo'lishi kerak


Mitt Romni poygada oldinda, lekin ko'plab respublikachilar uning haqiqiy konservator ekaniga ishonmaydi
Mitt Romni poygada oldinda, lekin ko'plab respublikachilar uning haqiqiy konservator ekaniga ishonmaydi

AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, respublikachilar o'z nomzodlarini saralash bilan ovora. Asosiy mezonlardan biri – da'vogarning qanchalik konservativ qarashlarga egaligi.

Konservativ respublikachilarning Vashingtonda o'tgan yillik anjumani nomzodlarga prezident Obama ustidan g’alaba qozonish haqida gapirish imkonini berdi.

Rik Santorum so'nggi yig'inlarda kutilmaganda g'alaba qozondi
Rik Santorum so'nggi yig'inlarda kutilmaganda g'alaba qozondi
Poygada ikkinchi o'rinda ketayotgan sobiq senator Rik Santorum eng konservativ da'vogar sanaladi. Missuri, Minnesota va Kolorado shtatlarida kutilmaganda g’alaba qozongan Santorum fikricha pul muvaffaqiyat olib kelmaydi.

"Biz mafkura va g’oyalar yordamida g’alabaga erishamiz. Barak Obama va uning xatolarini ushbu poyganing asosiy masalasiga aylantirib, yutamiz!”

Pul deganda Santorum raqibi, multi-millioner Mitt Romnini nazarda tutmoqda. Reytinglar va shtatma-shtat saralash jarayonida peshqadam Romni ham o’zini konservativ tadbirkor va siyosatchi sifatida ko’rsatishga harakat qilmoqda.

Mit Romni konservatorlarga o'z siyosiy qarashlarini tushuntirish va isbotlashga majbur
Mit Romni konservatorlarga o'z siyosiy qarashlarini tushuntirish va isbotlashga majbur
“Bu saylovda Amerika qalbini qozonish kerak. Xalq irodasi va erki ustun bir diyorda yashash uchun ovoz beraylik”,- deydi u.

Lekin ko'plab tahlilchilar fikricha, Romni konservativ amerikaliklar ko'ngliga yo'l topishga qiynalmoqda. Romni respublikachilarga xos g'oyalarga ishonsa-da, amalda ancha liberal qarashdagi arbob ekanini isbotlagan, demokratlar bilan ko'p jihatdan hamfikr degan tanqidlar yangraydi.

Virjiniya Universiteti professori Larri Sabato deydiki:

“Mitt Romni yagona respublikachi nomzod bo’lishiga aksariyat ko’nservatorlarning ko’zi yetmaydi. Ular “qani, bu haqida yana bir o’ylab ko’raylik-chi” demoqda”.

Sobiq spiker Nyut Gingrich va Kongress a’zosi Ron Pol ham poygani davom ettirmoqda.

Odatda Amerikada saylov natijasini sodiq demokrat va respublikachilar emas, mustaqil saylovchilar belgilaydi, ya'ni partiyaga qarab emas, aynan nomzod shaxsiyati va tajribasiga qarab ovoz beradigan fuqarolar. Shunday ekan, Mitt Romni va boshqa da'vogarlar e'tiborni ko'proq shu toifaga qaratmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG