Bepul advokat va adliya, Amerikadagi bahsu munozaralar

  • Amerika Ovozi

Bepul advokat va adliya, Amerikadagi bahsu munozaralar

Bepul advokat va adliya, Amerikadagi bahsu munozaralar

AQSh qonunlariga ko’ra, hibsga olinib, jinoyatda ayblanayotgan har bir odam advokat xizmatidan foydalanishga haqli. Qurbi yetmaganlarga esa davlat hisobidan himoyachi tayinlanadi. Biroq bunday amaliyot faqat jinoiy ishlarga taalluqli. Inson huquqlari faollari fuqaroviy ishlarda ham kam ta’minlangan fuqarolarga davlat hisobidan advokat tayinlash kerak, degan talabni qo’ymoqda.

Har yili AQSh sudlarida millionlab fuqaroviy ishlar ko’riladi.

Erkak va ayol ajrashayotganida bolalarni talashishdan tortib to ijara uchun pul to’lamagan odamni uydan haydab chiqarish hollarigacha – fuqaroviy sudlarda ko’riladigan ishlar xilma-xil. Sudga murojaat qilganlarning hammasi ham advokat ololmasligi aniq. Xuddi merilendlik Juliana Xolms kabi.

Uning turmush o’rtog’i uch farzandni olib, boshqa shtatda ko’chib ketganida, Juliananing himoyachi yollashga puli yo’q edi.

”U Shimoliy Karolina shtatidan bolalarni bu yerga olib keldi. Men ham ularning ketidan keldim”.

Xolms “Merilend huquqiy yordami’ deb nomlangan nodavlat tashkiloti yordamida farzandlari ustidan huquqni o’ziga olishga muvaffaq bo’ldi. Advokat tekin.

Xolms ishini sudda himoya qilgan advokat Trish Kokran bu borada katta tajribaga ega. U jiddiy fuqaroviy ishlarda himoyachi davlat hisobidan tayinlanishi kerak, deydi.

“Konstitusiyaga ko’ra, fuqarolarlarning aniq huquqlari bor, masalan farzandli bo’lish, uy-joyga egalik qilish, muayyan mablag’ olish kabi huquqlar. Ko’p hollarda odamlar nimaga haqli, nimaga ega bo’lishi mumkinligidan bexabar bo’ladi”.

Millionlab ishlarda odamlar mutaxassis yo’llamay o’zini o’zi himoya qiladi. Vaholanki, ularning na kerakli bilimi, na tajribasi bor…

Deniel Torston rafiqasi va besh yoshli nogiron o’g’li bilan ijaraga uyda turardi. Ijara pulini to’lolmagani uchun uy egasi Denielni sudga berdi.

Advokat Debra Gardner Deniel Torstonga huquqiy maslahat bermoqda.

Advokat Debra Gardner Deniel Torstonga huquqiy maslahat bermoqda.

“Sud ishini yutish uchun advokat yo’llash kerak. Lekin ijara uchun to’lashga pul bo’lmasa, advokatga pul qayerdan bo’lsin?!”

Advokat Debra Gardner fikricha, Torston kabi og’ir ahvoldagi odamlarga fuqaroviy ishlarda himoyachini davlat tayinlashi kerak. Rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida fuqarolar bunday huquqqa ega, lekin AQShda emas, deydi mutaxassis.

“Dunyoda birinchi bo’laman degan davlat shunday muhim masalada boshqalardan orqada qolib ketsa, ajablanarli-ku! Axir gap fuqarolarning eng asosiy huquqlaridan birini ta’minlash haqida ketyapti”.

Taklifga qarshi chiqayotganlar fikricha, bunday o’zgartirish adliya tizimiga bag’oyat og’ir tushadi. Lekin ota-onasi ajrashayotgan bolalarning vaqtincha davlat qaroviga berilishi yoki o’gay ota-onaga butunlay berib yuborilishi hollari kamayadi.

“Farzandlar - hayot mazmuni, ish va molu-dunyodan ham muhimroq. Bolalaringiz bag’ringizga qaytsa, yordam bergan odamga ming bor shukur desangiz ham kam!" - deydi Juliana Xolms.

Kaliforniya, Massachussets, Merilend va boshqa shtatlarda kam ta’minlangan fuqarolarga davlat hisobidan advokat tayinlash amaliyoti ekperiment sifatida qo’llanmoqda.

Ayrim ishlar ijobiy yakun topmoqda. Mana, Deniel Tornston ham sud ishini yutib chiqdi va yashash joyini saqlab qoldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG