AQShda musulmonlarga hujumlar ko'paygan

  • Amerika Ovozi

Namoyishchi qo'lidagi plakatda "Islomni to'xtating" deb yozilgan, Arizona, 29-may, 2015-yil.

Namoyishchi qo'lidagi plakatda "Islomni to'xtating" deb yozilgan, Arizona, 29-may, 2015-yil.

Nyu-Yorkda imom va uning yordamchisi o’ldirib ketilishi ortidan musulmon amerikaliklar orasida xavotir va qo'rquvlar kuchaydi. Prokurorlar ikki qotillik ortida diniy sabab borligini isbotlaganicha yo’q. Ammo 3,5 million odamga teng amerikalik musulmonlar orasida mamlakatda islomofobiya kuchaymoqda, degan fikr hukmron.

“Musulmon amerikaliklar fikricha, qotillik ortida islom diniga nafrat bor”, - deydi Jorjtaun universiteti professori va Amerikada islomofobiyaga oid hisobot muallifi Enji Abdulqodir.

Odamlarni islomdan qo’rqishga majburlayotgan sabab esa musulmonlarga qarshi qaratilgan siyosiy bayonotlar va zo’ravon ekstremizm, deydi u.

Olim Jorjtaun universitetining shahzoda Alvalid bin Talal nomli Musulmon-nasroniylar dialogi markazining tadqidotini boshqargan. Tadqiqot xulosasiga ko’ra, 2001-yil 11-sentabrdan buyon musulmon amerikaliklarga nisbatan nafratga asoslangan jinoyatlar ko’paygan.

“Islomofobiya zo’ravonlikka aylanganida” nomli hisobotga ko’ra, 2015-yil martda AQShda prezident lavozimi uchun poyga boshlanishidan 2016-yil martigacha mamlakat bo’ylab musulmonlarga qarshi 180 jinoyat qayd etilgan.

O’rganilgan 12 oy davomida har oy o’rta hisobda musulmonlar va islomiy tashkilotlarga qarshi 18 ta jinoyat, shu jumladan, 12 ta qotillik, 34 ta jismoniy hujum, 49 ta og’zaki hujum va do’q-po’pisalar amalga oshirilgan. 56 holda musulmonlarga tegishli mulk buzilgan, yoqib yuborilgan. Sakkizta otishma va bomba portlashi qayd etilgan.

Donald Tramp uchrashuvi qatnashchisi "Islomofobiya bilan javob bermaylik" degan plakat ko'tarib turibdi

Donald Tramp uchrashuvi qatnashchisi "Islomofobiya bilan javob bermaylik" degan plakat ko'tarib turibdi

“Fakt va ma’lumotlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, musulmonlarga qarshi zo’ravonlik 2001-yil 11-sentabridan oldingiga qaraganda ancha ko’paygan. AQSh musulmonlari bugunda 6-9 marta ko’proq hollarda tahdidlar va hujumlarga uchraydi”, deyiladi hujjatda. Aslida esa bu raqam yanada baland bo’lishi mumkin, chunki ko’plar bunday holatlar haqida xabar bermaydi, deydi Abdulqodir.

Ko’payish

Yanvardan buyon islomofobiyani kuzatib borayotgan “Huffington Post” gazetasi ham musulmonlarga nisbatan zo’ravonlik hollari ko’payganini qayd etadi. Yanvar-iyul oylarida agressiyaning 87 turi, shu jumladan, qo’rqitish, jismoniy hujum va masjidlarni bulg’ash hollari kuzatilgan.

Islomni himoya qilib chiqqan talabalar. San-Diego davlat universiteti. Kaliforniya, 2015-yil noyabr

Islomni himoya qilib chiqqan talabalar. San-Diego davlat universiteti. Kaliforniya, 2015-yil noyabr

So’nggi ikki oy ichida qayd etilgan jinoyatlar quyidagicha:

  • 18-iyul kuni Tennesi shtatida yashovchi musulmon er-xotin uyida mana bunday mavzudagi xat qoldirilgan: “Sen, musulmon yaramaslarni o’ldiraman, bolangni ham ayamayman”.
  • 11-iyul kuni Kaliforniyaning San-Leandro shahridagi supermarket oldida ikki erkak hijobli ayolning oldini to’sib, tuxum ota boshlagan.
  • 29-iyunda Minnesotaning Minneapolis shahrida bir guruh musulmon erkaklar oldiga bir erkak yaqinlashib, islomni haqoratlovchi gaplar gapirgan, so’ngra o’t ochib, ikki kishini yaralagan.

Terrorizmdan ilhomlanayotganlar

Vashingtondagi Amerika-islom aloqalari markazidan Kori Seylor ham so’nggi ikki yilda musulmonlarga qarshi hujumlar ko’payganini aytadi.

“2010-yilda Nyu-Yorkdagi savdo markazining egizak binolari yaqiniga masjid qurilishi atrofida ziddiyat bor edi. Ko’plar masjid qurilishiga qarshi chiqqan. Fransiyada Sharli Ebdo jurnaliga hujumdan keyin zo’ravonlik kuchaydi”, - deydi u.

namoyishchilar qo'lidagi plakatda "Amerikada o'rin y'oq" deb yozilgan. Phoenix, Arizona, 2015-yil may

namoyishchilar qo'lidagi plakatda "Amerikada o'rin y'oq" deb yozilgan. Phoenix, Arizona, 2015-yil may

Yevropa va AQShda bir necha talafotli terror hujumi yuz berdi. Parij, San-Bernardino va Orlando voqealaridan keyin musulmonlarga qarshi nafrat yanada kuchaydi.

Ammo tahlilchilarning aytishicha, G’arbda terror xurujlarining ko’paygani musulmonlarga munosabat yomonlashayotganining yagona sababi emas.

“Izlanishimizdan shu ayon bo’ldiki, hatto 2016-yilning birinchi yarmida, ya’ni musulmonlarga qarshi hujumlar kamayganida saylovoldi kampaniyasi boshlanishidan oldingi darajadan 3-5 marta kuchliroqligicha qoldi. Demak, musulmonlarga qarshi kayfiyatlarni siyosiy bayonotlar kuchaytirmoqda ”, - deydi Abdulqodir.

Aksil-islomiy siyosiy bayonotlar

2016-yil AQShdagi saylovoldi kampaniyasi chog’ida musulmonlarga qarshi ko’plab bayonotlar qilindi.

Birinchisi o’tgan yili sentabr oyida Pensilvaniyadan senator Rik Santorumdan chiqdi. “Islom, uning tarqalishi va qanday tarqalishiga oid ko’plab savollar bor”, degan edi o’shanda Santorum.

Suriyalik qochqinlar masalasi dolzarblashgan davrga to’g’ri kelgan bu bayonot AQShga kelayotgan qochqinlar orasida terrorchilar bo’lishi mumkin, degan gaplarga sabab bo’ldi.

Oqibatda musulmonlarga qarshi hujumlar 10 baravar ko’paydi: sentabrda 10 ta jinoyat, shu jumladan, uchta qotillik sodir etildi. Avgustda bitta bunday holat qayd etilgan edi.

Undan keyin San-Bernardinodago otishma…

So’ngra respublikachi nomzod Donald Tramp masjidlarni yopish, musulmonlarga AQShga kirishni taqiqlash kerak, deb bayonot berdi. Orlandodago otishmadan keyin Tramp bu bayonotni yana takrorladi.

“2015-yil noyabr oyidagi Parijdagi terror xurujlaridan keyin Tramp odamlarni tinchlik saqlashga va birdamlikka chaqirish o’rniga musulmonlarni yomonlay boshladi”, deyiladi hisobotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG