AQSh Qirg’izistondagi qirg’in xalqaro miqyosda tergov qilinishi kerak demoqda

  • Amerika Ovozi

"Dahshatli zo’ravonlik bilan yuzlashgan kishilarning ko’rgan-kechirganlarini tinglab, dilimiz xunibiyron bo’ldi", - deydi AQSh diplomati. 18 iyun, 2010, Andijon.

"Dahshatli zo’ravonlik bilan yuzlashgan kishilarning ko’rgan-kechirganlarini tinglab, dilimiz xunibiyron bo’ldi", - deydi AQSh diplomati. 18 iyun, 2010, Andijon.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk va Demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo’yicha o’rinbosar Mayk Pozner bugun Andijonda bo’lib, qochqinlar lagerlarini ko’zdan kechirgan.

Rasmiylar Qirg’izistondan quvilgan insonlar bilan gaplashgan.

“Dahshatli zo’ravonlik bilan yuzlashgan kishilarning ko’rgan-kechirganlarini tinglab, dilimiz xunibiyron bo’ldi. Qochqinlarning 90 foizi ayollar va bolalar. Erkaklar esa Qirg’izistonda qolishga, mulkini himoya qilishga majbur bo’lgan”, - deydi Bleyk.

AQSh diplomati nazarida O’zbekiston hukumati tezkor xatti-harakat qilgan.

“110 ming qochqinni qabul qilish, ularni oziq-ovqat, boshpana va tibbiy yordam bilan ta’minlash oson ish emas”, - deydi u.

“O’zbekiston hukumati BMT Qochqinlar agentligi, bolalar ishlari bo’yicha idora - UNICEF bilan, Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan kelishib ishlayotgani maqtovga loyiq. Bu ish oson emasligini tushunamiz, minglab odamlarning hayoti saqlab qolindi”, - deydi rasmiy.

“Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston janubida davom etayotgan zo'ravonliklarni qoralaydi. Muvaqqat hukumat bunga zudlik bilan chek qo’yishi, tergov o’tkazib, aybdorlarni jazolashi kerak”, - deydi Davlat kotibi muovini.

“Bu tergov nafaqat Qirg’iziston doirasida, balki xalqaro miqyosda, xalqaro idora tomonidan amalga oshirilishi lozim. Kelajakda bu kabi qirg’inning oldini olish uchun, uning sabablarini tushunish uchun ham bu tergov muhim. Shundagina o’zbeklar o'z vataniga qayta oladi, o’zaro ishonch tiklanadi”.

Qo’shma Shtatlar qochqinlarga BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yordam qo’lini cho’zmoqda. Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarimoy Jamiyatlarining O’zbekiston va Qirg’izistondagi faoliyatini qoplash uchun AQSh 5 million dollar ajratgan.

BMT Qochqinlar agentligi faoliyati uchun Qo’shma Shtatlar yana 2,8 million dollar madad berishni ko’zlagan.

Robert Bleyk bugun Qirg’izistonga yo’l olgan.

“Muvaqqat rahbariyatni xunrezlikni to’xtatishga da’vat etib qolamiz. Ayni paytda qochqinlar bilan bog’liq ahvolni eplashda O’zbekiston hukumatiga baholi qudrat yordam berishga tayyormiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG