Kongress: Rossiya bosqinchiligiga qarshi jiddiyroq chora ko'raylik

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi joylashgan Kapitoliy binosi, Vashington

AQSh Kongressi joylashgan Kapitoliy binosi, Vashington

AQSh qonunchilari fikricha, Obama ma’muriyati Rossiyaning Ukraina va Gruziyadagi xatti-harakatlariga yetarlicha qat'iyat va iroda bilan javob qaytarmayapti.

“Bizning javobimizdan Prezident Vladimir Putin noto’g’ri xulosa chiqarishi mumkin. Xuddi biz uning agressiv yondashuviga ko'z yumayotgandek”, - deydi demokrat senator Bob Menendez.

Gap 2014-yilda Rossiyaning Qrimni o’z hududiga qo’shib olgani va sharqiy Ukrainadagi ayirmachilarni dastaklayotgani haqida ketyapti.

2008-yilda esa Rossiya Gruziyaga qo’shin olib kirgan. Gruziyadan ajralib chiqqan Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil davlatlar sifatida tan olgan.

“Bunday qadamlarning oqibatlarini Rossiyaga tushuntirishda nega diplomatiyadan faolroq foydalanmayapmiz?” - deb so’radi Menendez Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi majlisida.

Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha yordamchisi Viktoriya Nuland sanksiyalarga ishora qilib deydiki, agressiv siyosat Rossiyaga qimmatga tushdi.

Qrim bosib olinganidan buyon AQSh va Yevropa Ittifoqi ayrim rossiyalik siyosatchilarning mol-mulkini muzlatib qo’ygan, sayohat qilishini cheklagan.

Hozirda Yevropa Ittifoqi Moskvaga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish masalasini ko'rib chiqmoqda. AQSh sanksiyalar kuchda qolishidan umidvor, deydi Nuland.

Bundan tashqari, AQSh Ukrainaga harbiy ko'makni oshirmoqda.

Mudofaa vazirligi rasmiysi Maykl Karpenterning bildirishicha, Vashington joriy yilda Ukraina harbiy kuchlarini jihozlash va mashqdan o’tkazish uchun 335 million dollar sarflaydi.

Ammo qonunchilar o'rtaga tashlayotgan savol - Rossiya siyosatini o’zgartirish uchun bu choralar yetarlimi?

“Kongressda norozilik kuchli”, - deydi siyosatshunos Adam Ereli. Rossiya hech qanday jazosiz urushlar boshlayapti, chegaralarni buzayapti, boshqa mamlakatlar hududini bosib olayapti degan xavotirlar bor, deydi u.

Qayd etish joiz, AQSh va Rossiya “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda hamkorlik ham qiladi, xususan, Suriyada. Qaysi guruhlarni nishonga olish, urushga yakun yasash kabi masalalarda ham oz bo'lsa-da maslahatlashuv bor o'rtada.

Biroq AQSh rasmiylarining ta'kidlashicha, Rossiya samolyotlari Suriyada terrochilarni emas, hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilarni nishonga olmoqda.

Rossiyaning yadroviy shartnomani buzishiga javob qanday?

Senator Jon Barrassoga ko'ra, Rossiya yadroviy sinovlarni taqiqlovchi bitimni buzgan va buning uchun ham jazolanishi kerak.

Davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland Rossiya bilan bu masalada muhokamalar ketayotganini bildirdi. Kerak bo'lsa, ittifoqchi davlatlar bilan birgalikda bosim o'tkazamiz, dedi u.

Harbiy mashqlar

NATO alyansiga a'zo 20 davlat hozir Polshada harbiy mashqlar o'tkazmoqda. Bu kabi mashg'ulotlar G'arb va Rossiya munosabatlarini yanada taranglashtiradi.

Maqsad - Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlariga NATO sizni himoya qila oladi, deya uqtirish. Kreml mashqlarni qoralab, ular ishonch va xavfsizlikka putur yetkazishini ta'kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG