START bitimi tasdiqlanmasa, AQSh va Rossiya bir-birini tekshira olmaydi


AQShda Kongress a’zolari kelasi oy ta’tildan qaytgach, birinchi navbatda Rossiya bilan qurol nazoratiga doir kelishuvni ratifikatsiya qilishi kerak.

“Mamlakat xavfsizligidan muhimroq masala yo’q”, - deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Gap AQSh va Rossiya yadro arsenalini kamaytirishga qaratilgan hujjat haqida ketmoqda. START deb nomlanuvchi bitim muhlati o’tgan yil tugagan, biroq yangisi kuchga kirmagan.

Barak Obama va Dmitriy Medvedev yangi START bitimini shu yilning aprel oyida dabdaba bilan imzolagan edi. Undan maqsad - eng ko’p yadro quroliga ega ikki mamlakat qo’lidagi raketalarni kelasi 7 yilda 1550 donagacha kamaytirish.

Biroq oradan to’rt oy vaqt o’tgan bo’lsada, kelishuv na AQSh Kongressi, na Rossiya Dumasida ratifikatsiya qilingan. Busiz ikki davlat bir-birining yadroviy faoliyatini tekshira olmaydi.

Amerikada Respublikachilar partiyasi bunga “yo’q” demoqda. Ular nazarida kelasi bir necha yilda AQSh yadroviy arsenalini yangilashi va raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini rivojlantirishi kerak. Yangi START kelishuvi, deydi muxolifatchilar, bu maqsad yo’lida to’siq.

Gap shundaki, bitim respublikachilar yordamisiz Senatda ovozdan o’tishi amri mahol. Ratifikatsiya uchun Senat a’zolarining uchdan-ikki qismi uni ma’qullashi kerak. Tinimsiz tanqidlar va ko’proq ma’lumot so’rayotgan muxolifatning talablarini qondirish uchun, ovoz berish jarayoni sentyabr o’rtalarigacha qoldirilgan.

Davlat kotibasi Xillari Klinton shunday bir faktni keltiradi: eski bitim muhlati o’tgan yilning dekabrida tugaganidan beri Qo’shma Shtatlar Rossiyaning yadroviy faoliyatidan bexabar.

“Amerika inspektorlari Rossiya yeriga sakkiz oydan beri qadam bosgani yo’q. Monitoring-nazorat to’xtagan. Vaqt o’tishi bilan mavhumlik oshib boraveradi. Yadro arsenali kabi nozik sohada nimalar bo’lyapti, bilmaymiz. Qonunchilar nahotki buni tushunmasa”, - deb so’raydi Klinton.

START kelishuvi Amerika va Rossiya qo’lidagi hujumkor qurollar sonini 30 foizga, ularni manzilga eltuvchi ballistik raketalarni esa 700 donaga kamaytirishi mo’ljallangan.

“Hozir siyosiy o’yinlar payti emas. Masala ahamiyatini tushunadigan qonunchilar qo’li baland kelib, kelishuv oxir-oqibat ovozdan o’tishiga ishonaman”, - deydi Klinton.

Yadro qurollari tarqalishining oldini olish Obama ma’muriyati tashqi siyosatida muhim yo’nalish. AQSh rahbari dunyoni ulardan xoli qilishga bel bog’lagan.

START bitimining eng muhim jihati shuki, AQSh va Rossiya ixtiyoridagi nafaqat har bir raketa hisobga olinadi, balki ikki davlat ular qayerda joylashtirilgani haqida bir-biriga ma’lumot berib turadi.

“Raqib davlatning strategik salohiyati haqida ko’p bilmaslik sizni, tabiiyki, ortig’i bilan tayyorgarlik ko’rishga, mudofaa xarajatlarini oshirishga undaydi”, - deydi harbiy tahlilchi Jeyms Miller.

“Hozirgi iqtisodiy krizis sharoitida bu nihoyatda qimmat. Ikkinchidan, buni effektiv mudofaa strategiyasi deyish qiyin”.

Oq uy rasmiylarining ishontirib aytishicha, START kelishuvi Qo’shma Shtatlarni mudofaa bobida hech bir jihatdan cheklab qo’ymaydi.

Muhimi, bu Rossiyaning yadroviy salohiyatini kuzatib turish uchun yagona vosita. Senat uni yoqlamasa AQSh inspektorlari uchun Rossiya eshiklari yopiq.

XS
SM
MD
LG