Obama va Putin Suriya yuzasidan fikr almashdi


Los Kabos, 18-iyun, 2012

Los Kabos, 18-iyun, 2012

Meksikada Katta Yigirmalik sammitining ikkinchi kunida global iqtisodiyotga xavf solayotgan yevrozona tanazzuli muhokamada. Yig’in doirasida Amerika va Rossiya prezidentlari kecha yuzma-yuz ko’rishib, Suriyada qon to’kilishlar zudlik bilan bas qilinsin degan, lekin bunga erishish yo’llari borasida bir fikrda emas.

20 davlat rahbari bayonot chiqarib, iqtisodiy o’sishni qo’llab-quvvatlashga va’da bergan. Bu yondashuv moliyaviy jihatdan mustahkam Germaniya tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqida yuritilayotgan kamxarjlik siyosatiga ziddir. Blokning zaif a’zolari, xususan, Gretsiya qo’shnilardan yordam olib, evaziga sarfiyatni, maosh va ish o’rinlarini keskin qisqartirishga majbur bo’lmoqda.

Prezident Obama sammitning birinchi kunida, kecha Germaniya kansleri Angela Merkel bilan ko’rishib, yevroni ishlatuvchi 17 davlatni tanazzuldan qutqarish haqida gaplashdi. Obama nazarida yevro-blok jadalroq, qat’iyroq qadamlar tashlashi kerak. Yevropadagi tanglik Amerikada ishsizlik ko’lamini oshirmoqda, deydi u. Noyabrda prezidentlikka qayta saylanishdan umidvor Obama uchun ishsizlik eng qaltis mavzulardan.

AQSh rahbari Vashingtonga qaytishdan oldin bugun Xitoy prezidenti Xu Tzintao bilan alohida muzokara qilishi kutilmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi g’aznasiga Xitoy 43 milliard dollar, Braziliya, Rossiya va Hindiston 10 milliard dollardan ajratishga va’da bergan.

Barak Obama sammit davomida kecha Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yuzma-yuz muloqot qilgan. Putin prezidentlikka qaytganidan beri tomonlar ilk bor ko’rishishi.

Ikki soat davomida ular asosan Suriyadagi qirg’inni muhokama qilib, qon to’kilishlar zudlik bilan to’xtashi kerak deya xulosa qilgan. Holbuki, Moskva rasmiy Damashqni qurol-aslaha bilan ta’minlab kelayotgani gumon qilinadi. Kreml nazarida esa Suriyada vaziyat izdan chiqqanida terrorchi va muxolifatning aybi katta; masalani chet el emas, xalqning o’zi hal etilishi kerak.

Obama Putinni prezident Assadni hadeb qo’llayvermaslikka undab, u ishdan ketishi kerak, deb keladi.

“Zo’ravonlik bas qilinishi, dahshatli fuqarolik urushining oldi olinishi shart va bu masalalarda fikrimiz mushtarak”, - dedi Barak Obama.

Putin Suriya haqida kam to’xtalib, bir necha masalada Obama bilan hamfikr ekanini qayd etdi, xolos.

AQShning Rossiyadagi elchisi Maykl Makfol fikricha esa Putinning “kamgapligi Vashington-Moskva orasi sovuqlashadi degani emas”.

Amerika rahbari Moskva Eron yadro dasturiga doir muzokaralarga mezbonlik qilayotganidan mamnun. Afg’onistonda AQSh va NATO qo’shinlari uchun zarur ta’minot tizimiga yo’l ochgani uchun ham Rossiyadan minnatdor.
XS
SM
MD
LG