AQSh Yevropaning gaz muammosini hal qila oladimi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya Ukrainaga sotiladigan gaz narxini oshirar ekan, Yevropa energiya ta’minoti bo’yicha Rossiyaga qaramligini kamaytirish maqsadida AQSh gazini xarid qilishi mumkin. Ammo bu rejaning amalga oshishi uchun kamida bir necha yil kerak bo’ladi.
Gaz narxlarining oshishi allaqachon oddiy odamlar hayotiga o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Kiyev yaqinida yashovchi Svetlana va Yuriy Kuleshovlar ana shunday jabrdiydalardan.

“Byudjetimizga to’g’ridan to’g’ri ta’sir qilyapti. Har doim sotib oladigan narsalarimizni to’xtatyapmiz. Chunki gazning pulini to’lashimiz kerak. Uyimizni isitish uchun, muzlab qolmaslik uchun gaz olishga majburmiz. Isitishning muqobil yo’llarini qidirishimiz kerak”, - deydi Yuriy Kuleshov.

Yevropaliklar orasida ham shunday xavotirlar yo’q emas. Ukraina barobarida Yevropaning yana olti davlati gazni to’liq Rossiyadan oladi.

G’arbning iqtisodiy jazo qo’llash haqidagi tahdidlari Kremlga ta’sir qilmayapti. Rossiya Bosh vazirining birinchi o’rinbosari Igor Shuvalovning aytishicha, Moskva o’z gazi uchun yangi xaridor topishda qiynalmaydi.

“Yevropaliklar AQShdan va dunyoning boshqa joylaridan gaz xarid qilish uchun infrastruktura qurilishiga ko’p mablag’ sarflashiga to’g’ri keladi. Bu qimmatga tushadi. Natijada oddiy aholi ham gazga ko’p haq to’laydi. Rossiya gazi uchun esa boshqa joylarda har doim xaridor topiladi”, - deydi Rossiya rasmiysi.

Amerika tabiiy gazi muammo uchun yechim bo’lishi mumkin, ammo yaqin orada emas.

Tabiiy gazni suyultirib Yevropaga eksport qilish imkonini beruvchi zavod 2017-yilgacha ishga tushmaydi. Ana shunday inshootdan ayni paytda bir nechtasi qurilmoqda.

AQShning Marshall jamg’armasi yetakchi tadqiqotchisi Paul Bledsoga ko’ra, AQSh Yevropa uchun birinchi gaz ta’minotchisi bo’lmaydi.

“Dastlab, ular Markaziy Osiyoning janubiy quvurlariga, Shimoliy Afrikaga hamda o’z zaxiralariga tayanadi. Ya’ni, ular energiya manbalarini global miqyosda kengaytirishga harakat qiladi”, - deydi u.

Bledso Vashingtonni faolroq bo’lib, Yevropani tezroq gaz bilan ta’minlashga undaydi.

“Biz AQSh va Yevropani tabiiy gaz bo’yicha birga reja ishlab chiqishga chaqiryapmiz. Yevropa uchun gaz manbalari sonini ko’paytirib, uzoq muddatli narxlarni kamaytirish hamda Rossiya gaziga qaramlikdan qutilish kerak. Hozir shuning imkoniyati mavjud”, - deydi tahlilchi.

Energiya mavzusida tadqiqot olib boruvchi Stiv Levin fikricha, bundan AQSh ham, Yevropa ham birdek manfaatdor bo’ladi.

“Bu gazni eksport qilishdan, uni boshqalarga yuborayotganini ma’lum qilishdan AQShning dunyodagi geosiyosiy mavqei oshadi”, - deydi u.

Shundan so’ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin gazni Xitoyga sotishga majbur bo’ladi, deydi Levin. Bu esa gazni arzonroq sotish demakdir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG