AQSh rossiyalik ikki jangarini "global terrorchi" deb atadi

  • Amerika Ovozi

Dog'istonda o'tkazilgan anti-terror amaliyoti. 20-yanvar, 2014-yil.

Dog'istonda o'tkazilgan anti-terror amaliyoti. 20-yanvar, 2014-yil.

AQSh rossiyalik ikki jangariga "global terrorchi" tamg'asini bosdi. Ular "Islomiy davlat" terrorchi guruhi amalga oshirgan qonli xurujlarga aloqadorlikda ayblanmoqda. Biri ayni paytda Turkiyada qo'lga olingan.

Davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, bu ikki shaxs Amir Xamzat taxallusi bilan tanilgan Aslan Avgazarovich Byutukayev hamda Salmon Bulgarskiy taxallusi bilan yurgan Ayrat Vahitovdir.

Vahitov tatar bo'lib, 2001-yil Afg'onistonda AQSh askarlari tomonidan asir olingan hamda 2004-yilgacha Guantanamo qamog'ida saqlangan; so'ng ozod qilinib, Rossiyaga qaytarilgan. Vahitov 28-iyun kuni Istanbul aeroportida yuz bergan terror xurujiga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan shaxslar orasida ekani aytilmoqda.

Vahitovni global terrorchi deya e'lon qilgan Davlat departamenti uning Istanbul xurujiga aloqadorligi haqida ma'lumot bermadi. Unga terrorchi nisbati berilishi haqida Davlat kotibining buyrug'i 29-iyun kuni chiqarilgan. U paytda Vahitovning Istanbulda ekani ma'lum emas edi.

Vahitov 12 yil avval Guantanamodan qaytgach, Rossiya sudi unga qo'yilgan ayblovlarni bekor qilgan edi. Ammo keyinroq noma'lum ayblovlar bilan qayta qo'lga olingan. Shundan so'ng Vahitov mamlakatni tark etib, Rossiya fuqaroligidan voz kechgan.

Global terrorchi deya e'lon qilingan ikkinchi shaxs - Aslan Byutukayev Rossiyaning Shimoliy Kavkaz mintaqasida "Islomiy davlat" to'dasi rahbari bo'lgani ma'lum. U o'tgan yil noyabrida Ingushetiyada xuruj rejalagani aytiladi. Ammo Rossiya xavfsizlik kuchlari rejani fosh qilib, portlashning oldini olgan.

Byutukayev "Islomiy davlat"ga qo'shilgunga qadar ham Rossiyaga qarshi kurashib kelgan. 2011-yil Moskvadagi Domodedovo aeroportida 35 kishining hayotiga zomin bo'lgan xurujni u tashkillashtirgani aytiladi.

Davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, Vahitov Suriyada ham jang qilgan va jangari guruhga internet orqali odam yollash bilan shug'ullangan.

AQSh tomonidan bu ikki shaxsga terrorchi tamg'asi bosilishi ortidan endi amerikaliklar ular bilan aloqa o'rnatishi mumkin emas. Shuningdek, ularning Amerika yurisdiksiyasidagi mol-mulki muzlatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG