Rus xakerlari Amerika saylovlariga aralashganmi?

  • Amerika Ovozi

Barak Obama Rossiyani AQShdagi prezident saylovlariga aralashganlikda ayblab, bu mamlakatning 35 diplomatini Amerikadan haydashni buyurdi. Biroq yangi saylangan Prezident Donald Tramp qarama-qarshi fikrda. Kiber-jinoyatlarni tergov qiluvchi mutaxassislar bu haqda nima deb o’ylaydi?

Kibernetik dunyoda botlar, viruslar, zararli programmalarga qarshi surunkali kurash olib boriladi, unda dushmanning yuzini ko’rmaysiz.

Dmitriy Alperovich kiber-xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi “CrowdStrike” firmasi asoschilaridan biri. Bu kompaniya ishlagan dastur yordamida Demokratik partiya qo’mitasi serverlariga uyushtirilgan bahorgi xurujlar tahlil qilindi.

"Bir-biridan mustaqil ravishda harakatlanuvchi ikki o’yinchining sistemaga kirganini ko’rdik", - deydi u.

Har ikkisining ham Kremlga aloqador rossiyalik xakerlik guruhlari ekani aytilmoqda. Buni aniqlash oson bo’lmadi, deydi Alperovich.

"Oddiy jinoyat sodir etilganida politsiya kelib, barmoq izlarini topadi, so’ng axborot bazasidagi ma’lumotlarga qiyoslab, ma’lum jinoyatchilarga aloqadorligini aniqlaydi, boshqa dalillarga qaraydi. Bizning ishimizda ham shunday”, - deydi u.

“CrowdStrike” ekspertlari ham tanish izlarni topib, bungacha shu kabi iz qoldirgan rossiyalik guruhlarga bog’ladi.

"Qurolni yaratgandan so’ng uni faqat bir marta ishlatmaysiz. Qayta va qayta ishlatgingiz keladi. Ana shundan bu ishga kim qo’l urganini bilib olamiz", - deydi Alperovich.

“CrowdStrike” ayni kodlarning oldingi qo’llanishini tekshirdi.

"Internetda hech narsa izsiz ketmaydi. Bundan 10 yil oldingi minglab xurujlarni tahlil qilsa bo’ladi", - deydi mutaxassis.

“FireEye” deb nomlangan yana bir shu kabi kompaniya xodimi Nik Rosmanning aytishicha, to’plangan turli ma’lumotlar yordamida xuruj ortida kim turganini aniqlash mumkin.

"Ruslarning faoliyatiga e’tibor beradigan bo’lsak, aksariyat hollarda zararli programma Moskva va Sankt-Peterburg vaqtlariga to’g’ri keladigan vaqt mintaqasida tayyorlangan bo’ladi. Xitoy kiber-hujumchilari ham shunday. Ular odatda o’z vaqti bilan 9 dan 5 gacha ishlashadi", - deydi Rosman.

Biroq ayrimlar nazarida, bu u qadar muhim dalil emas, chunki xakerlar bir-birining kodiga taqlid qilishi mumkin. Kiber-xurujlarda dalillar ko’p hollarda nisbiy, deya tan oladi Rosman.

"Qo’limizdagi dalillar bilan sudda ishni yutib chiqa olmaymiz. Biroq dalillar qanchalik ko’p bo’lsa, da’vo qilish shunchalik oson bo’ladi”, - deydi u.

Rosman ham “CrowdStrike” xulosasiga qo’shiladi, ya’ni AQShda demokratlar kompyuter tizimiga rus xakerlari kirgan. Biroq anonimlik hukmronlik qiluvchi kibernetik dunyoda josuslikni isbotlash oson emas, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG