Breaking News

Moskva Eronning yadro dasturiga oid anjumanga mezbonlik qiladi


Kuzatuvchilarga ko'ra, hozir Rossiyaning Eronga oid qarashi AQSh pozitsiyasiga har qachongidan yaqin. Suratda Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) AQSh prezidenti Barak Obama bilan.
Kuzatuvchilarga ko'ra, hozir Rossiyaning Eronga oid qarashi AQSh pozitsiyasiga har qachongidan yaqin. Suratda Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) AQSh prezidenti Barak Obama bilan.

Eron yadro dasturi bo’yicha xalqaro muzokaralar hanuz davom etmoqda. Navbatdagi yig’in Moskvada o’tishi rejalangan. G’arb bilan munosabatlari taranglashib borayotgan Rossiyaning Eron muammosiga yechim topishda qanday rol o’ynashi hali noma’lum.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Eron yadro bombasini yaratish niyatida ekaniga ishonadi. Rasmiy Tehron esa bu ayblovlarni inkor etib keladi. Eron hamda dunyoning olti yetakchi davlati – AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya o’rtasidagi muzokaralar bir necha yillardan beri davom etmoqda. Bag’dodda o’tgan ikki kunlik so’nggi anjuman jiddiy natija bermadi.

Tomonlar iyun oyi o’rtasida Moskvada qayta uchrashishga kelishdi. Tahlilchilar fikricha, Rossiya Eron bilan kuchli iqtisodiy aloqalarga ega va shu bois Tehronni xalqaro hamjamiyat oldida himoya qilib keladi.

Rossiya Eron bilan kuchli iqtisodiy va do'stona aloqalarga ega. Suratda Eron Islom Respublikasi prezidenti Mahmud Ahmadinajod (chapda) Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan.
Rossiya Eron bilan kuchli iqtisodiy va do'stona aloqalarga ega. Suratda Eron Islom Respublikasi prezidenti Mahmud Ahmadinajod (chapda) Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan.
Ammo ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, jumladan, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, Rossiya so’nggi yillarda Eronga nisbatan o’z mavqeini o’zgartirib boryapti.

“Obama ma’muriyati 2009-yildan beri Rossiyani Eronga nisbatan qattiqroq bo’lishga undab keladi. So’nggi paytda Rossiyaning qarashlari o’zgarganiga guvoh bo’ldik. AQSh pozitsiyasiga hozir har doimgidan ham yaqin”, deydi Kolumbiya universiteti professori.

Ammo Vashington va Moskva o’rtasida kelishmovchiliklar mutlaqo yo’q deb bo’lmaydi.

“Rossiyaliklar harbiy chora ko’rilishiga qarshi. Bu Isroil yoki AQSh tomonidan bo’ladimi yoki Isroil-AQSh hamkorligida amalga oshiriladimi, farqi yo’q. Jazo choralarini kuchaytirish o’rniga diplomatik yechim topish lozimligiga ko’p urg’u berishadi”, deydi Legvold.

Prinston va Nyu-York universitetlari professori Stiven Koenga ko’ra, Rossiya Eronga qarshi iqtisodiy jazo choralariga ovoz berish bilangina kifoyalanib qolmadi.

“Kreml samolyotga qarshi raketalar savdosi bo’yicha Eron bilan tuzilgan shartnomani bekor qildi. Agar AQSh yoki Isroil hujumiga uchrasa, mudofaa uchun Eron ana shunday qurollarni qo’lga kiritmoqchi edi. Bu Moskva tomonidan ko’rsatilgan katta yordam bo’ldi”, deydi Koen.

Biroq Rossiyani bezovta qilayotgan bir masala bor. AQSh Yevropani Eronning ehtimoliy hujumlaridan himoya qilish maqsadida qit’ada ballistik raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatishni rejalamoqda. Kreml bunga qarshi. Rasmiy Moskva nazarida ushbu mudofaa tizimi Eronga emas, balki Rossiyaga qarshi qaratilgandir. Ammo Qo’shma Shtatlar buni inkor qiladi.

Rossiya AQShning Yevropada ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasiga qarshi. Kuzatuvchilar fikricha, Putin shu sababdan Chikagodagi NATO sammitida ishtirok etmagan.
Rossiya AQShning Yevropada ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasiga qarshi. Kuzatuvchilar fikricha, Putin shu sababdan Chikagodagi NATO sammitida ishtirok etmagan.
Professor Legvoldning aytishicha, Rossiya, asosan, rejaning so’nggi bosqichiga qarshilik qilmoqda. “To’rtinchi bosqich” deya nomlanayotgan bu mudofaa tizimi 2020-yilga borib to’liq ishga tushishi rejalangan.

“Tortinchi bosqich bilan bog’liq muammo shundaki, agar bu tizim ishga tushsa, u nafaqat qisqa masofali raketalarga qarshi ishlaydi, balki butun qit’ani ballistik raketalar hujumidan himoya qilish salohiyatiga ega bo’ladi. Qayerda joylashganiga qarab, sistema Rossiya yadro quvvatini zaiflashtirishi mumkin”, deydi professor.

Yaqinda Chikagoda o’tgan NATO sammitida a’zo davlatlar Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish qarorida qat’iy ekanliklarini yana bir bor e’lon qilishdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, taklifga qaramasdan, anjumanga bormadi. Ayrim tahlilchilar fikricha, Putinning ishtirok etmagani uning mudofaa tizimiga qarshi ekanini ifodalaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG