Rossiya Iroqda ham harbiy amaliyot boshlashi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Iroqning Ramadi shahri

Iroqning Ramadi shahri

Bu orada jangarilar Iroqda ham faol. Hafta boshida mamlakat bo'ylab sodir etilgan bir necha xurujda kamida 57 odam o'lgan. Asosan shialar.

AQSh maxsus vakili, iste'fodagi general Jon Allen kecha Bag'dodda bo'lib, Iroq hukumati a'zolari va xavfsizlikka mas'ul rasmiylar bilan "Islomiy davlat"ga qarshi kurash xususida gaplashgan.

BMT hisobiga ko'ra, joriy yilda 10 ming odam zo'ravonliklardan nobud bo'lgan, o'tgan yilning shu kuniga qadar qurbonlar soni 12 ming atrofida edi.

Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning aytishicha, agar Iroq hukumati Rossiyadan jangarilarga qarshi kurashda rasman yordam so'rasa, kengash buni ko'rib chiqishga tayyor.

Matviyenko bu haqda Iordaniyaga safari chog'ida so'zlagan. Unga ko'ra, Iroq hukumati bunday iltimos bilan murojaat etmagan hali.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Tonerning bunga javoban aytishicha, Qo'shma Shtatlar Rossiyaning Suriya formulasini Iroqda tatbiq etishini istamaydi.

"AQSh Rossiyadan Suriyada konstruktiv rol o'ynashini kutmoqda, biroq buni hali ko'rmadik", - deydi u.

Tonerga ko'ra, Rossiya havo hujumlari mo'tadil muxolif kuchlarni hukumatga qarshi yanada qattiq qayradi, xolos.

“Iroqda ham shunday bo'lishini istamasdik", - deydi Davlat departamenti vakili.

O'tgan hafta Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Rossiyani "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga jalb etish ehtimoli haqida so'z ochgan edi.

"Biz AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyadan jiddiy madad kutgan edik, havo hujumlari bilan qo'shinlarimizni himoya qilishlariga umid qilgan edik, ammo bunday bo'lmadi", - dedi u Fransiya televideniyesiga bergan intervyuda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG