AQShning Rossiyadagi yangi elchisi hamkorlik tarafdori

  • Amerika Ovozi

AQShning Rossiyadagi yangi elchisi Maykl Makfol

AQShning Rossiyadagi yangi elchisi Maykl Makfol

AQSh Rossiyaga yangi elchi yubordi. Maykl Makfol 14-yanvar kuni rasman ish boshladi. Diplomat AQSh-Rossiya munosabatlariga qanday yangilik olib kirishi mumkin?

Barak Obama prezident bo'lganidan beri Qo'shma Shtatlar azaliy raqib Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga intilmoqda. Yangi siyosat mualliflaridan biri Maykl Makfol yangi elchi sifatida bu siyosatni amalda tadbiq etadi.

So'nggi yillarda Makfol prezidentga Rossiya bilan bog'liq masalalar bo'yicha maslahatchilik qilgan.

Qurollar nazorati bo'yicha mutaxassis Jozef Chirinsione diplomat bilan yaxshi tanish, u bilan birga ishlagan.

"Mayk Makfol tajribali arbob, Oq uy siyosatini amalga oshirishda o'z hissasini qo'shishi aniq. Birinchidan, prezidentning yaqin maslahatchisi bo'lgani uchun ruslar uni jiddiy qabul qiladi. Yuritgan siyosati Oq uy bilan hamohang ekanini, zarur bo'lsa elchi prezident bilan to'g'ridan-to'g'ri gaplasha olishini bilishadi. Ikkinchidan, Rossiya bo'yicha ekspert. Uni chuqur o'rgangan, tarixini biladi, so'nggi yillarda Obama ma'muriyatida Rossiyaga doir ko'p masalalar bilan yuzlashgan", - deydi Chirinsione.

Ekspertlar nazarida Makfol Rossiya bilan aloqalarni yangilash tarafdori bo'lgani bilan Kreml siyosatini tanqid qilishda ham ikkilanmagan, ayniqsa muxolifatchi faollarga qarshi tazyiqini.

Elchilik vazifasida ham shunday bo'ladi, deydi tahlilchi Chirinsione.

Makfol Rossiya qo'shni davlatlar yoki o'z fuqarolariga bosim o'tkazsa, chetga qaraydigan odam emas. U demokratiya kuychisi. Rossiyaning yangi yevropacha xavfsizlik tizimiga kirishini istaydi, deydi mutaxassis.

2008-2011 yillarda Rossiyada Jon Bayerli elchilik qilgan. Rus tilida yaxshi so'zlasha oladigan, mintaqa bo'yicha chuqur bilimga ega bu arbobni Rossiyada hurmat qilishgan. Uning otasi, Ikkinchi jahon urushida qatnashgan Jo Bayerli ham AQSh, ham Sovet qo'shinlari tarkibida jang qilgan yagona askar bo'lgan. 1994-yilda Rossiyaning o'sha paytdagi prezidenti Boris Yeltsin uning Sovet armiyasidagi xizmatlarini medallar bilan e'tirof etdi.

Yangi elchiga qaytadigan bo'lsak, Maykl Makfol ikki davlat munosabatlari ijobiy davrni boshdan kechirayotgan payt lavozimga kirishmoqda.

2010-yil dekabrida yangilangan Strategik qurollarni qisqartirish bitimi aynan Obama ma'muriyati davriga to'g'ri keladi. Hujjat yadro qurollari soni, ularni manzilga eltuvchi raketalar va og'ir bombardimonchi samolyotlar sonini kamaytirishni ko'zda tutadi.

Ammo tahlilchilar nazarida kelajakda qurollar nazoratiga doir muzokaralar oson kechmasligi mumkin, masalan, yadro arsenalidan butunlay voz kechish taklifi.

Jozef Chirinsionening aytishicha, Yevropada AQSh mudofaa tizimini o'rnatishda Rossiya roziligini olish ham oson bo'lmaydi. Kreml sistemani o'ziga tahdid deb biladi.

"Rossiya yadro arsenali eskirmoqda. Uni yangilashga pul yo'q. Qo'shma Shtatlar Rossiyani raketaga qarshi sistemalar bilan o'rab oladi, degan xavotir mavjud. Oq uy tizimni Eronga qarshi deb keladi, ammo Rossiya ishonmaydi. Ular nazarida AQSh birinchi hujumdayoq Rossiyaning yadro salohiyatini yo'q qilishga harakat qiladi, javob hujumlari esa mudofaa to'sig'iga uchrab, Rossiya otgan raketalar urib tushiriladi. Ammo bu haqiqatdan ancha yiroq, xom-xayol", - deydi tahlilchi.

Amerikalik ekspertlar ikki davlat Eron yadro dasturi masalasida unumli hamkorlik qilayotganiga ishora qiladi.

Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti xodimi Jon Parkerning aytishicha, rasmiy Moskvaning Eronga nisbatan pozitsiyasi so'nggi yillarda keskin o'zgardi.

"Obama prezidentlikka kelgach, Rossiya Eronga S-300 rusumidagi uzoq masofali mudofaa raketalarini sotishga ikkilana boshladi. So'ng BMT Xavfsizlik Kengashida AQSh bilan hamkorlikda Eronga doir keskin rezolyutsiyaga qo'shildi. Ana shundan so'ng Eronga qurol sotishni umuman to'xtatib, S-300 raketalari bo'yicha kontraktni ham bekor qildi", - deya eslatadi Parker.

Tahlilchilar bashoratiga ko'ra, Moskva AQSh bilan Eron bo'yicha hamkorlikni davom ettiradi. Sabab Rossiyaning Kavkaz va Markaziy Osiyodagi manfaatlarida. Moskvada ish boshlayotgan yangi elchi Maykl Makfol esa Eron yadro dasturini to'xtatishda Rossiyani AQSh bilan ishlashga ko'ndirib ko'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG