Breaking News

AQSh va Rossiya taktik qurollar bo'yicha muloqot boshlaydi


Barak Obama prezidentlikka kelganidan beri jahonda yadro qurollarini kamaytirish kerak, deya bong uradi.
AQSh va Rossiya taktik yadro qurollar borasida gaplashadi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:52 0:00
Yuklab oling

AQSh va Rossiya o’rtasida uzoq masofali raketalar sonini qisqartirish bo’yicha imzolangan START bitimi bu borada muhim qadam bo’ldi. Ikki davlat o’rtasida yangi muzokaralar boshlanish arafasida.

2010-yilda imzolangan START kelishuviga binoan, eng ko’p yadro quroliga ega ikki davlat boyegolovkalar sonini 1550 donagacha, ularni tashish sistemalarini esa 700 gacha kamaytirishga rozi bo’lgan.

Lekin bu kelishuvda qisqa masofaga uchadigan yadroviy raketalar haqida hech narsa deyilmagan. Jang maydonida qo’llash uchun mo’ljallangan bu raketalar uzog’i bilan 500 kilometrga ucha oladi. Rossiya harbiy bazalari va omborxonalarida ana shu qurollardan taxminan ikki ming dona bor, ammo hammasi ham shay holatda emas.

Qurol nazorati uyushmasi nomli xususiy tadqiqot firmasi rahbari Deril Kimbalning aytishicha, AQShdagi zaxira undan-da kam.

“AQSh mo’ljalga yo’naltirilmaydigan bombalaridan taxminan 180 tasini Yevropadagi bazalarida saqlaydi. Ular NATOga a’zo besh davlat – Belgiya, Niderlandiya, Turkiya, Germaniya va Italiyada joylashtirilgan”, - deydi Kimbal.

Tashkilot doirasida bu qurollardan qanday qutulish bo’yicha anchadan buyon bahs ketmoqda. Belgiya, Niderlandiya va Germaniya hukumatlari nazarida, ushbu yadroviy bombalardan bugungi zamonda mudofaa maqsadlarida foydalanib bo’lmaydi va ularni yo’q qilish lozim.

“Bunkerlarda saqlanayotgan eski bombalarni olib chiqib, samolyotga joylashtiraman deguncha bir necha kun vaqt o’tadi. Buning ustiga, qoidalarga binoan, NATOga a’zo 28 mamlakatning har biri ularni ishlatishga rozilik berishi talab qilinadi. Tasavvur qiling, bu qanchalik murakkab vazifa”, - deydi ekspert.

Stenford Universitetida yadro masalalari bo’yicha mutaxassis Deyvid Xolloveyga ko’ra esa, alyans doirasida yakdil fikr yo’q.

“Sharqiy va Markaziy Yevropaning yaqin yillarda blokka qo’shilgan davlatlari, ya’ni Rossiyani o’ziga tahdid deb biladigan hukumatlar bombalarni saqlab qolish tarafdori. Ular nazarida, Qo’shma Shtatlar NATOni himoya qilish yo’lida va’dalar bergan va harbiy zaxira ana shu va’dalar ramzi sifatida ko’riladi”, - deydi Xollovey.

Prezident Barak Obama yaqinda Berlinda qilgan nutqida Amerika va Rossiyada Sovuq urush merosi bo’lgan yadro golovkalar sonini qisqartirishga tayyor ekanini aytgan. Bu oson vazifa emas, deydi Xollovey.

“Murakkabligi shundaki, Rossiya o’zini mudofaa qilish uchun taktik yadroviy qurollariga tayanadi. Chunki NATO yoki Xitoy bilan solishtirganda, Rossiya armiyasi har jihatldan zaif. Kreml Obamaning takliflariga ko’nmaydi”, - deydi olim.

Rossiya uchun, deydi Xollovey, avvalambor, Xitoy bilan raqobatda o’z salohiyatini ko’rsatish juda muhim.

“Ehtimoldan yiroq bo’lsa-da, faraz qiling, Xitoy Rossiyaning Uzoq Sharqdagi bir hududiga hujum qildi yoki bosib oldi. Rossiya armiyasi nima qila oladi? Rossiyalik bir generalning tan olishicha, biz NATO haqida ko’p gapiramiz, lekin aslida Xitoydan tashvishdamiz”, - deydi Deyvid Xollovey.

Shuning uchun, Rossiya rahbariyati taktik qurollarni qisqartirish taklifini bir zumda rad etishi mumkin.

Tahlilchilarga ko’ra, Amerika va Rossiyaning qisqa masofali raketalarini kamaytirish masalasi ancha murakkab.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG