Moskva Obamaning qaroridan afsusda

  • Amerika Ovozi

Prezidentlar Barak Obama va Vladimir Putin oxirgi bor o'tgan yili Shimoliy Irlandiyada Katta Sakkizlik sammitida yuzma-yuz gaplashgan edi.

Prezidentlar Barak Obama va Vladimir Putin oxirgi bor o'tgan yili Shimoliy Irlandiyada Katta Sakkizlik sammitida yuzma-yuz gaplashgan edi.

Obama Moskvada Putin bilan uchrashuvni bekor qildi. Sabab - prezidentlar dajarasida sammit o’tkazish uchun zamin tayyor emas.

Barak Obama kelasi oy Moskvada prezident Vladimir Putin bilan rejalangan uchrashuvni bekor qildi. Sabab - prezidentlar dajarasida sammit o’tkazish uchun zamin tayyor emas.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psaki so’zlariga ko’ra, muhim masalalarda oldinga siljish yo’q.


“Oliy darajadagi sammitni o’tkazish mavridi emas hozir. Ammo Rossiya bilan muntazam muloqot davom etadi, taraflar rozi va norozi masalalar haqida fikrlashadi”, - deydi Jennifer Psaki.

Prezident Obama Oq uyga kirgani zahoti Rossiya bilan aloqalarda yangi sahifa ochishni tashqi siyosatning ustuvor yo’nalishi deb belgiladi. Kreml Afg’onistonda xalqaro qo’shinlar ta’minotida AQShga ko’maklashdi. Bostondagi xuruj ustida ikki davlat razvedkasi yaqindan ishladi. Yadroviy qurollar sonini kamaytirishga qaratilgan START bitimi yangilandi. Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturiga doir ziddiyatni hal qilishda ikki davlat muzokarada.

Shu bilan birga, Moskva va Vashington raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi, Suriya, farzand boqib olish, inson huquqlari yuzasidan tortishib keladi. Ammo anjuman bekor qilinishiga turtki bergan asosiy sabab Edvard Snouden mashmashasidir.

Amerika hukumatining yashirin kuzatuv dasturi haqida matbuotni ogoh qilgan kompyuterchi vatanida josuslikda ayblanmoqda. Rossiya esa uni ekstraditsiya qilmoqchi emas va vaqtincha siyosiy boshpana bilan siyladi. Qochqin maqomini Snouden har yili yangilashi mumkin.

Rossiya, o’z navbatida, Oq uy qaroridan afsusda.

Putinning maslahatchisi Yuriy Ushakov nazarida Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan tengma-teng gaplashishga tayyor emas. Obama fikri o’zgarsa, hali ham bo’lsa Putin bilan uchrashishi mumkin, deydi Ushakov. U aloqalar ijobiy ruhda davom etishiga umid bildirmoqda.

Moskva ko’chalarida bu haqda har xil fikrlarni eshitish mumkin.

“Obama to’g’ri ish qilmadi. Uchrashish kerak edi. Ular prezidentlar, demak muzokara qilishi shart. O’rtada qancha-qancha muammolar bor, bitta odamni deb orani buzishning nima keragi bor?” – deydi Nadejda ismli nafaqaxo’r.

“Putin o’zini yaxshi tutmayapti”, - deb hisoblaydi moskvalik Marina. “Ikki prezident ko’rishadimi, yo’qmi, nima farqi bor? Biz mustaqil odamlarmiz. Muammolarni o’zimiz hal qilishimiz mumkin? Obama kelmasa mayli, bu uning qarori. Amerika xalqiga qo’yib bering bu haqda bosh qotirishni”, - deydi ayol.

Shu bilan birga, prezident Obama kelasi oy Sankt-Peterburgda Katta Yigirmalik iqtisodiy sammitida qatnashish niyatida. Faqat Putin bilan yuzma-yuz muloqot qoldirildi.

Bu orada, ertaga Vashingtonda davlat kotibi Jon Kerri, mudofaa vaziri Chak Xeygl va ularning rossiyalik hamkasblari uchrashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG