AQSh-Rossiya munosabatlari yana orqaga qarab ketayapti

  • Amerika Ovozi

Bundan besh yil ilgari Obama ma’muriyati Rossiya bilan munosabatlarni tubdan yangilashga bel bog’lagan va bu yo’lda muayyan qadamlar tashlagan edi. So’nggi payt aloqalar yana sovuqlashgan.

Munosabatlardagi iliqlashuv dastlabki pallada konkret natijalar berdi. Masalan, uzoq masofaga uchadigan raketalarni kamaytirish bo’yicha strategik bitim imzolandi.

Rossiya Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga doir rezolyutsiyalarga ovoz berdi. Shuningdek, Afg’onistonga kirib chiqish uchun AQSh harbiylariga tranzit yo’llarini ochib berdi. Vashingtonning quvvatlovi bilan Rossiya Xalqaro savdo tashkilotiga qo’shildi.

Ekspertlarga ko’ra, prezident Barak Obama tutgan yo’l Kreml bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishni nazarda tutgan edi. Biroq oradagi tafovutlar tufayli jarayon nafaqat izdan chiqdi, balki aloqalar sovuqlashib bormoqda.

Bunga bir sabab Rossiyaning Suriya prezidenti Bashar al-Assadni qo’llab-quvvatlayotganidir. Kolumbiya universiteti olimi Robert Legvold boshqa faktorlarni ham keltiradi.

“Bir necha o’n yildan beri Qo’shma Shtatlarning pozitsiyasi shuki, agar biror davlatda inson huquqlari qattiq tahqirlansa xalqaro hamjamiyat jim qarab turmasligi kerak. Rossiya, shuningdek, Xitoy va Hindistonning yondashuvi esa boshqacha. Huquq qanchalik oyoq osti bo’lmasin, ular nazarida tashqi dunyo ichki ishlarga aralashmasligi kerak”, - deydi Legvold.

Amerika va Rossiya o’rtasida bahsli mavzulardan yana biri bu - qurol nazorati.
AQSh ballistik raketalar sonini keskin kamaytirishga chaqirib kelmoqda.

Siyosatshunos Metyu Rojanskiy fikricha, kelasi 2-3 yilda bu yo’nalishda biror yangilik kutmaslik kerak, chunki Rossiya bundan manfaatdor emas.

“Agar raketa hujumiga qarshi mudofaa sistemalari va samoviy mudofaa texnologiyalari kabi masalalar ham muhokamaga qo’yilsa, bular Kremlni qiziqtirishi mumkin”, - deydi u.

AQShda josuslikda ayblangan kompyuterchi Edvard Snoudenga Rossiya boshpana bergani ham asablarni taranglashtirdi. Snouden - maxfiy razvedka dasturlari haqida ommani xabardor qilgan shaxs.

“Boshida Snouden mashmashasi AQShni so’z erkinligi bobida tanqid qilish uchun Rossiyaga qo’l keldi. Bu ish bosti-bosti bo’lib ketadi, degan umid bor edi. Ammo AQSh uni vataniga ekstraditsiya qilishni hanuz talab qilmoqda”, - deya sharhlaydi Robert Legvold.

Tarixan, AQSh-Rossiya aloqalarini bu davlatlarning rahbarlari tebratgan, deydi Metyu Rojanskiy. Rahbarlar bir-biriga ishonmasa, aloqalar ham chigallashgan.

“Bush va Putin davrida, masalan, pastu-baland kunlar, bir-birini maqtagan va qoralagan kunlar ko’p bo’ldi. Obama va Medvedev o’zaro hurmatga asoslangan, barqaror munosabatlarni shakllantirishga erishgan edi. Obama va Putin o’rtasida esa sovuqlik, ishonchsizlik va hurmatsizlik seziladi”.

Uning aytishicha Rossiyaning xavotir va e’tirozlari asosan uning milliy manfaatlari bilan bog’liq. Ayrim hollarda bu manfaatlar AQShniki bilan to’qnashadi. Shunga qaramasdan, dialog davom etishi kerak.

“Ular bilan gaplashmasdan iloj yo’q. Jorj Bush prezidentligining oxirida eng katta xatosi shu ediki, u ochiqchasiga ruslarga “siz o’z manfaatlaringizni o’zingiz tushunmaymiz” deb aytgan edi. Muloqotni yakson qilishning bir yo’li shu”, - deydi suhbatdosh.

Ko’plab ekspertlar nazarida kelasi ikki yil davomida AQSh-Rossiya munosabatlaridan hech narsa kutmasa ham bo’ladi. Aloqalarni oldinga siljitish uchun Obama ham, Putin ham vaqtini sarflamaydi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG