AQSh-Rossiya aloqalarida muammolar ancha oldin boshlangan

  • Amerika Ovozi

AQSh-Rossiya munosabatlari kundan kunga sovuqlashib bormoqda. Yaqinda Nyu-Yorkda Rossiyaning uch fuqarosi, jumladan ikki diplomat josuslikda ayblandi.

G’arb nazarida Ukrainadagi separatistlarni qo’llab-quvvatlayotgan aynan Kremldir. Tahlilchilarga ko’ra, Vashington-Moskva aloqalari bu voqealardan ancha oldin darz keta boshlagan edi.

Ayg’oqchilikda ayblanayotganlardan biri Yevgeniy Buryakov hibsda. Ikki diplomat esa AQShni tark etgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Aleksandr Lukashevich ayblovlarni inkor etdi. AQSh vasvasaga berilyapti, deydi u.

“Vashingtonning antagonistik siyosati bois aloqalarimiz shundoq ham murakkab. Ko’rinishidan, Amerika Rossiyani yomonlab, bundan ham battar bo’lishini istaydi”.

Bu voqeadan sal avval Ukrainaning sharqidagi Mariupol shahrida bozor va uylarga snaryad otilib, o’nlab odam halok bo’lgan edi.

Hujum ortidan Rossiyaga nisbatan tanqidlar yana avj oldi. AQSh va Yevropaning da’vo qilishicha, separatistlarga qurollarni Moskva yetkazib turibdi.

AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland so’zlariga ko’ra, Rossiyaning Ukraina ishlariga aralashayotgani sabab Kreml bilan qator masalalar bo’yicha hamkorlik to’xtab qolgan.

“Rossiya xalqaro tartib-qoidalarni buzishda davom etsa, qo’shni mamlakatlarning yerini tortib olishni odat qilsa, ularga siyosiy va iqtisodiy bosim o’tkazsa, u bilan ishlab bo’lmaydi”, - deydi u.

Tahlilchi Stiven Blank deydiki, AQSh-Rossiya aloqalarida muammolar ancha oldin boshlangan.

“Qo’shma Shtatlar Rossiyaga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqishi kerak deb bir necha yildan beri aytib kelayapman”.

Rossiya, deydi professor, kamida 2008-yildan buyon qo’shni mamlakatlarga qarshi agressiv harakatlar qilib keladi.

“Putin boshqaruvda qolar ekan, u Ukrainani o’z holiga qo’ysa ham Rossiya bilan normal aloqa yuritib bo’lmaydi. Uning hukumati Yevropadagi butun xavfsizlik tizimini izdan chiqarishga harakat qilayapti”.

Obama ma’muriyati Moskva bilan rishtalarni qayta ko’rib chiqayapti. Lekin tahlilchi Leon Aron fikricha, qo’shimcha sanksiyalar bilan ham Rossiyaga ta’sir etish qiyin.

“Qo’shimcha sanksiyalar qo’yiladimi, yo’qmi, hozir Putinga farqi yo’q. Rossiya matbuotida chop etilayotgan tahlillarni o’qisangiz bilasizki, ularning nazarida mamlakat barcha qiyinchiliklarni boshdan kechirib bo’ldi, diplomatik izolyatsiya jabridan o’tib oldi. Endi istaganini qilaveradi”, - deydi ekspert.

Ukrainaga mavzusiga qaramasdan, Davlat departamenti Rossiya bilan hamkorlikdan umidni uzmagan.

“Masalan, Eron yadro dasturi bo’yicha birga ishlasak bo’ladi. Muzokaralar davom etayapti”, - deydi departament rasmiylari.

Ukraina sharqida urush avj olishi Kiyev va separatistlar imzolagan sulh kelishuvini chilparchin qildi. BMT hisobicha, shu kungacha o’lganlar besh mingdan oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG