AQSh va Rossiya aloqalari iliqlashmoqdami?

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan. Sochi. 12-may 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan. Sochi. 12-may 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvidan so’ng Ukrainadagi hodisalar sababli sovuqlashgan ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochiladi degan umidlar paydo bo’ldi. Ammo siyosatshunoslar Vashington va Moskva orasidagi ziddiyatning nihoyatda chuqurligini va bir uchrashuv bilan kelishmovchiliklar hal bo’lmasligini ta’kidlamoqda.

Jon Kerri va Vladimir Putin o’rtasidagi uchrashuvning to’rt soat davom etishi ijobiy hol, deydi bir ovozdan kuzatuvchilar.

Ukraina bilan bog’liq kelishmovchiliklarga qaramay, taraflar aloqalarni to’xtatmagan. Prezidentlar telefon orqali suhbatlashib turadi. Bosh diplomatlar ham bir necha marta uchrashgan.

Moskvadagi Karnegi markazi direktori Dmitriy Trenin fikricha, Putin bilan yuzma-yuz uchrashuv katta ahamiyatga ega, chunki barcha muhim qarorlarni Rossiyada aynan prezident qabul qiladi.

“Munosabatlar yaxshilanishiga ishonmayman, chunki, fikrimcha, ziddiyatlar juda chuqur. Bitta uchrashuv bilan ularni yo’q qilib bo’lmaydi. Yana qadamlar qo’yilishi kerak. Biroq muloqotning yangi darajaga chiqqani, albatta, ijobiy hol”, - deydi Trenin.

Bundan oldin Kerri Putin bilan 2013-yilda uchrashgan edi. O’shandan keyin AQSh-Rossiya aloqalariga sovuqlik tushdi. Kreml AQSh davlat sirlarini fosh etgan Edvard Snoudenga boshpana berishi bunga sabab bo’ldi.

O’tgan yili Moskva Qrimni o’ziga qo’shib olganidan so’ng va Ukraina sharqida markaziy hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotgani bois ikki tomonlama aloqalar yanada yomonlashdi.

Vashington va Moskva o’rtasidagi tarang aloqalar Suriyadagi tinchlik harakatlariga ham salbiy ta’sir qildi, deydi Trenin.

“O’sha davrda AQSh va Rossiya Suriyadagi mojaroga chek qo’yishga hamda mamlakatni jonlantirishga qaratilgan muloqotni yo’lga qo’yish ustida jiddiy o’ylanayotgan edi. Ammo budnay bo’lmadi. Ikki yil vaqt yo’qotildi”, - deydi tahlilchi.

Xo’sh, Sochidagi uchrashuvdan keyin Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov murosaga erishdimi?

Ukrainadagi urush sababi yuzasidan yakdil bo’lmasa-da, ular Kiyev va isyonchilar sulh bitimiga rioya qilmayotganini e’tirof etib, janglarni to’xtatishda qo’ldan kelgancha harakat qilayotganini aytmoqda.

“Novaya gazeta” sharhovchisi va mudofaa masalalari bo’yicha ekspert Pavel Felgenxauer Moskva isyonchilarga ko’rsatma berib kelayotganiga urg’u beradi.

“Isyonchilar Rossiyaning bevosita harbiy buyruqlarini bajarib kelmoqda, ularni qurol bilan ta’minlash ham Moskva zimmasida, chunki ularning o’zida hech narday qurol yo’q edi. Ular nima buyurilsa, shuni qiladi. “Ot” desa Moskva, otadi. “Otma” desa, otmaydi. Moskva chizgan chiziqdan chiqmaydi”, - deydi ekspert.

Rossiya rahbariyati esa Ukraina janglaridagi ishtirokini inkor etib keladi.

Kerrining Putin bilan uchrashuvi Mariupol shahri yaqinida janglar avj olayotgan bir paytda bo’lib o’tdi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlk tashkilotidan xalqaro kuzatuvchilar jangler davom etayotgani, isyonchilar tasarrufida tanklar va boshqa qurol-aslaha ko’payayotganini qayd etmoqda.

Mariupol muhim strategik ahamiyatga ega port shahri, ammo, ayrim kuzatuvchilar fikricha, isyonchilar nafaqat bu portni, balki butun Ukrainani qo’lga kiritmoqchi.

“Kimda-kim mintaqa iqtisodini qayta qurish haqida o’ylayotgan bo’lsa, Mariupolga qarasin. Donetskdagi rahbariyat uchun bu shahar katta ahamiyatga ega. Prezident Putin isyonchilarni to’la nazorat qiladi. Rossiya buyrug’i yoki roziligisiz bu hududda hech qanday katta hujum bo’lmaydi. Hozircha esa bunday rozilik berilmadi,” – deydi Dmitriy Trenin.

Agar G’arb Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olsa, Kreml Donbassni Ukraina markaziy hukumatiga qaytarishi mumkin, deydi tahlilchi.

Biroq G’arbning bunga rozi bo’lishi amri mahol. Germaniya kansleri Angela Merkel yakshanba kuni Moskvaga tashrifi chog’ida Qrimning bosib olinishini jinoyat deb atadi.

Diplomatik harakatlariga qaramay, Kreml isyonchilarni yangi hujumga tayyorlamoqda, deydi Felgenxauer. Rossiya Mariupol bilan cheklanmaydi, deydi u.

“Asosiy maqsad Qrim ham, Donbass ham emas, butun Ukraina. Rossiya butun Ukrainani bosib olmoqchi. Nafaqat Mariupol, Donbass yoki Qrimni, butun Ukrainani o’ziga qaram qilmoqchi. Kamiga rozi bo’lmaydi”, - deydi u.

Rossiya G’arb bilan muloqot va muzokaralarga tayyor bolsa-da, Ukrainani o’z ta’sir doirasiga qaytarish niyatidan qaytmaydi, deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG