Breaking News

Rossiya AQShni munosabatlarni yangilashga chaqirmoqda


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva va Vashington munosabatlarida yangi sahifa ochishi lozim. Unga ko'ra, ikki davlat aloqalari sobiq Prezident Jorj Bush paytida sovuqlashganidan so'ng hokimiyatga Barak Obama kelgach, munosabatlarni yangilashga harakat qilgan edi. Biroq Ukrainadagi siyosiy jarayonlarda AQSh Kiyevdagi hukumatning, Rossiya esa sharqdagi isyonchilarning yonini olib, munosabatlar yana yomonlashgan. Lavrov bunda Vashingtonni ayblamoqda.

Uning aytishicha, Rossiya AQSh bilan aloqalar normal bo'lishini xohlaydi, biroq orani buzgan Rossiya emas.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Moskvani Ukraina sharqida isyonchilarni qurollantirib, harbiylarini Ukraina armiyasiga qarshi jang qilishga yuborganlikda, Qrimni o'ziga qo'shib olganlikda ayblab keladi.

Shanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so'zlagan Lavrovning aytishicha, Qo'shma Shtatlar bir tomonlama harbiy kuch ishlatishga haqli ekanini ochiq bildirib, nima oqu, nima qora ekanini hamma uchun hal qilmoqchi.

Lavrov 1999-yilda NATOning Serbiyani bombardimon qilganini, 2003-yilda AQShning Iroqni bosib olganini, 2011-yilda Liviyaning NATO tomonidan nishonga olinganini misol tariqasida keltirdi.

Uning fikricha, "Islomiy davlat" tahdidining kelib chiqishiga ham aynan G'arbning ana shunday bir tomonlama siyosati sabab bo'lgan.

"Qrim aholisi Rossiyaga qo'shilishni o'zi istadi", - dedi Lavrov.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer Lavrovning nutqidan so'ng Qrimning Rossiyaga qo'shilganini jinoyat deb atadi. Moskva Yevropada chegarani bir tomonlama ravishda o'zgartirib, xalqaro qonunni buzdi, dedi Germaniya rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG