AQSh va Rossiya Snouden taqdirini muhokama qilayapti

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumatining bildirishicha, agar Rossiya davlat sirlarini fosh etgan Edvard Snoudenni vataniga qaytarsa, unga nisbatan o’lim jazosi yoki qiynoqlar qo’llanmaydi.

“Snouden qonunda belgilangan tartibda fuqaro sudi oldida javob beradi. Qiynoqlar esa AQShda man etilgan”, - deyiladi Adliya vaziri Erik Xolder Rossiyaga yo’llagan maktubida.

Edvard Snouden, AQSh Milliy xavfsizlik agentligida ishlagan sobiq kontraktor, hukumat millionlab fuqarolarning telefon suhbatlari va internetdan qanday foydalanayotganini maxfiy kuzatayotgani haqida dunyoni ogoh qilgan edi.

U Gonkongga, so’ngra Rossiyaga qochib, Kremldan vaqtinchalik boshpana so’ragan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni AQShga ekstraditsiya qilish talabini rad etib kelmoqda. Ikki davlat razvedka xizmatlari Snouden taqdirini muhokama qilayotgani ma’lum. Lekin uni Amerikaga topshirmaymiz, deydi prezident so’zlovchisi.

Kompyuterchi yigit bir oydan beri Moskvaning Sheremetyevo aerportida jon saqlamoqda. Venesuela, Boliviya va Nikaragua unga siyosiy boshpana taklif etgan bo’lsada, samolyotga chiqa olmaydi, chunki Qo’shma Shtatlar uning pasportini bekor qilgan.

Shu hafta Edvard Snouden aeroportning tranzit zonasini tark etish uchun kerakli hujjatlarni qo’lga kiritgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Uning rossiyalik advokati Anatoliy Kucherenaning aytishicha, masala hal bo’lganicha yo’q va u Rossiyaga kirish uchun ruxsat olmagan.

Sobiq kontraktor fosh etgan ma’lumotlar Amerika va dunyo bo’ylab munozara uyg’otib yubordi. Shu hafta AQSh Vakillar Palatasi maxfiy dastur taqdirini ovozga qo’ydi va uni saqlab qolishga qaror qilindi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG