Suriya anjumani oldidan Klinton va Lavrov yuzma-yuz gaplashadi

  • Amerika Ovozi

Suriya mojarosi bo’yicha xalqaro anjuman oldidan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Sankt-Peterburgda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muloqot qiladi.


Suriya prezidenti Bashar al-Assad Eron televideniyesiga bergan intervyusida, xorijiy davlatlar bizning ishlarga burun tiqmasin, deya ogohlantirgan.

Xalqaro anjuman Suriya masalasi bo’yicha bosh vositachi Kofi Annan tashabbusi bilan ertaga Jenevada bo’lib o’tadi. Xunrezlikka nuqta qo’yish uchun yangi yechim-g’oyalar bilan chiqish maqsad qilingan.

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klintonning aytishicha, uchrashuvdan umidlar katta. “Tinchlik rejasi to’la tadbiq etilishini ta’minlash zarur”, - deydi u.

BMTdagi manbalarga ko’ra, Kofi Annan Suriyada prezident Bashar al-Assadning hokimiyatdan ketishini talab qilmaydigan koalitsion hukumat tuzish taklifini olg’a surmoqda. Barqarorlikka raxna soluvchi guruhlar unga kiritilmaydi. Hozircha faqat shunisi ma’lum.

Lekin Suriya muxolifatiga bunday reja ma’qul emas.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, mamlakat taqdirini suriyaliklarning o’zi belgilaydi, tashqaridan aralashuvga hojat yo’q.

“Muzokaralar natijasini belgilash uchun emas, bu jarayonni boshlab berish uchun Jenevada yig’ilayapmiz”, - deydi Lavrov.

Uning aytishicha, uchrashuvga Suriyaning yaqin ittifoqdoshi Eronni taklif etmaslik xatodir. Unda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi, Turkiya va Arab Ligasi vakillari qatnashadi. Saudiya Arabistoni ham taklif etilmagan.

Xillari Klinton Latviyaga safari chog’ida mavzu yuzasidan bayonot berdi. Vashington pozitsiyasi shuki, har qanday yechim inson huquqlari, mas’uliyatli boshqaruv va qonun ustuvorligi bo’yicha xalqaro me’yorlarga javob berishi shart. Kofi Annan tuzgan rejadan shuni kutamiz, deydi Klinton.

Oklaxoma Universitetida region bo’yicha ekspert Joshua Landis deydiki, Obama ma’muriyati nazarida Suriya kelajagida amaldagi rahbarlar uchun joy yo’q. Rossiyaning maqsadi esa prezident Assad ketsa ham, unga sodiq odamlarning hukumatda qolishini ta’minlash.

Ammo mamlakatda kuchlar muvozanati o’zgarib bormoqda.

“Yevropa, AQSh va Fors ko’rfazi hukumatlari Assad ma’muriyatiga kuchli sanksiyalar qo’ygan. Muxolifatni esa moliya va qurollar bilan qo’llab-quvvatlamoqda”, - deydi Joshua Landis.

Olim Suriyada hokimiyat bora-bora sunniylar qo’liga o’tishini bashorat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG