Suriya bo'yicha kelisha olmayotgan davlatlar Avstriyada muzokara qilayapti

  • Amerika Ovozi

AQSh, Rossiya, Turkiya va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari bugun Avstriyada uchrashib, Suriya kelajagini muhokama qilmoqda.

AQSh va ittifoqchilari nazarida, urushga tortilgan o'lkada har qanday siyosiy yechim Prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishidan boshlanadi. Rossiya bunday fikrda emas.

AQSh va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Jon Kerri va Sergey Lavrov yuzma-yuz muloqot oldidan hech qanday bayonot berishmadi. Ikkala davlat havo kuchlari Suriyada qarama-qarshi tomonlarni quvvatlamoqda. Rossiya amaldagi hukumatni, AQSh boshchiligidagi koalitsiya esa muxolifatni.

Bir masalada hamfikrmiz, deydi Kerri, xunrezlikni bas qilish yo'lini topish lozim.

"Bu yo'lda g'ov bo'layotgan yagona shaxs bu Bashar al-Assad. Suriyada yangi boshqaruv sistemasi vujudga kelishiga, hokimiyat xalq tomonidan qayta taqsimlanishiga olib keladigan siyosiy jarayon boshlanishi kerak", - deydi Amerika bosh diplomati.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr Rossiyaning harbiy aralashuvi va Assadga yordamini xatarli deya tasvirladi.

"Suriyada vaqtinchlik boshqaruv kengashi tuzilgach, Assad ketishi kerak bo'ladi. Bir kundan keyin ketadimi, bir hafta yoki bir oydan keyinmi, buni Suriya xalqi hal qiladi", - deydi vazir.

Suriya rahbarini hokimiyatdan ketishga chaqirayotganlar orasida Germaniya kansleri Angela Merkel ham bor. U hukumatda qolar ekan, tinchlik bo'lmaydi, deydi u.

Rossiya Suriyaning amaldagi hukumatiga harbiy va moliyaviy ko'mak bermoqda. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashuvga qanday takliflar bilan kelgani hozircha noma'lum. Prezident Vladimir Putin Yaqin Sharqdagi barcha mojarolarda G'arb davlatlarini aybdor deb hisoblaydi.

"AQSh Suriyada ikki tomonlama o'yin olib bormoqda. Terroristlarga qarshi kurash e'lon qilib, bir paytning o'zida ulardan o'z maqsadlarida foydalanyapti. Terrorchilardan rejimlarni qulatish uchun foydalansangiz, ularni mag'lub etolmaysiz", - deydi Putin.

Qayd etish joiz, Rossiya uchun Assadga qarshi kurashayotgan barcha guruhlar terrorchi. Vashington nazarida esa mo'tadil muxolifat bilan hamkorlik qilsa bo'ladi.

Sochida o'tgan xalqaro forumda Vladimir Putin dunyo davlatlarini terrorizmga qarshi kurashga chaqirdi. Suriya kelajagini esa bu xalqning o'zi hal qiladi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG