Putin yangicha ko'rinishdagi Sovet Ittifoqini yaratmoqchimi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sovet Ittifoqini tiklashga urinayotganlikda ayblanmoqda. Ammo u bu iddaolarni inkor etib, hududdagi davlatlar faqat iqtisodiy masalalarda hamkorlik qilayotganini aytadi.

O’tgan hafta AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Putinning sobiq Sovet respublikalarini iqtisodiy hamkorlik orqali birlashtirish tashabbuslarini “mintaqani qayta sovetlashtirish siyosati” deya atadi.

“Albatta, u endi Sovet Ittifoqi deya atalmaydi. Bojxona Ittifoqi yoki Yevrosiyo Ittifoqi deya nomlanadi. Bular Kremlning iqtisodiy aloqalar orqali qo’shnilar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan siyosatidir”, - dedi AQSh rasmiysi.

Prezident Putinga ko’ra esa, Rossiya va qo’shni o’lkalar o’rtasidagi munosabatlar tabiiy hol bo’lib, umumiy til, o’xshash madaniyat, umumiy transport va energetika infratuzilmalariga asoslangan, deydi u.

Ayni paytda AQSh Kongressi Rossiyada inson huquqlarining buzilishiga aloqasi bor rasmiylarni jazolash haqida qonun qabul qildi.

Hujjat 37-yoshli rossiyalik huquqshunos Sergey Magnitskiy nomi bilan yuritiladi. Rasmiylarni 250 million dollarlik soliqni yashirishda ayblagan yurist 2009-yil qamoqxonada qiynoqlardan jon bergani aytiladi.

Magnitskiy qonuni ikki alohida hujjatni birlashtirgan. Birinchi hujjatga ko’ra, Sovuq urush davrida Rossiya bilan savdo qilishga qo’yilgan cheklovlar bekor qilinadi.

Ikkinchisi esa inson huquqlarini buzganlikda ayblangan rossiyalik rasmiylarning Amerikaga kirishini taqiqlab, AQSh banklaridagi hisob raqamlarini muzlatadi. Prezident Barak Obama hujjatni imzolashi kutilmoqda.

Kreml qonun ikki davlat o’rtasidagi diplomatik aloqalarga rahna solishi haqida ogohlantirgan. Rossiya Dumasi bu qonunga qarshi chora ustida ishlamoqda.

Kremlning bildirishicha, parlament quyi palatasi inson huquqlarini poymol etganlikda gumon qilingan AQSh fuqarolarini jazolashga qaratilgan qonun loyihasini tayyorlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG