Breaking News

AQSh Ukraina masalasida Rossiyaga qanday bosim qo'ya oladi?


Prezident Barak Obama
Prezident Barak Obama
Rossiya qo’shinlari Qrimni nazoratga olgani Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari tanqidiga sabab bo’lmoqda. Ular Moskvaga qarshi jazo choralari xususida o’ylanmoqda. Buning uchun Vashingtonda qanday imkoniyatlar bor?

Kecha Kiyevga borgan AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Rossiya qo’shinlarini Qrimdan olib chiqishi lozim, aks holda jazoga tortiladi. Biroq Diplomatik himoya mashg’ulotlari instituti xodimi Ian fon Gordon bunday bo’lishiga ishonmaydi.

"Amerika qanchalik do’q-po’pisa qilmasin, uni jiddiy qabul qilishmaydi. U oyog’ini tirab olgan ikki yashar bolaga o’xshaydi", - deydi Gordon.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar fikrini bildirsa ham Ukraina masalasining yechimi Yevropa qo’lida.

"Qo’shma Shtatlar Yevropaga bosim qo’yib, o’z yon-atrofidagi masalaga diqqatliroq va mas’uliyatliroq bo’lishga chaqirishi lozim", - deydi tahlilchi.

Vashingtondagi Brukings tahlil markazi eksperti Maykl Oxanlonning aytishicha, Putinning Ukrainadagi G’arbga moyil, yangi hukumatiga kuch ko’rsatishi do’q-po’pisadan boshqa hech narsa emas.

"Putin Kiyevning ko’ngliga g’ulg’ula solmoqchi. Do’q-po’pisa diplomatiyasining shunday bir usuli yordamida yangi hukumatdan Ukrainadagi rossiyaparast kuchlarning hurmatini joyiga qo’yishni talab qilmoqchi", - deydi Oxanlon.

Mamlakat hozir ikkiga bo’lingan. G’arbdagilarning aksariyati ukrain tilida so’zlashadi, o’zini Yevropaga yaqin deb biladi. Janub va sharqdagilar esa rusiyzabon bo’lib, Rossiyaga yaqin bo’lishni xohlaydi.

Mamlakatning bo’linish ehtimoli yuqori, deydi Stiven Buchchi, Vashingtondagi konservativ Xeritij jamg’armasi tahlil markazi eksperti.

Unga ko’ra, Amerikaning Ukrainaga ta’siri cheklangan.

"Gapdan nariga o’tish uchun imkoniyatlarimiz ko’p emas. Gap bilan esa hozirgi vaziyatda ko’p ishni eplay olmaymiz", - deydi Buchchi.

Bu o’rtada Katta Sakkizlik guruhining yetti a’zosi iyun oyida Sochida rejalangan sammitda ishtirok etish uchun tayyorgarliklarni to’xtatganini ma’lum qilib, shu tariqa Rossiyaning Qrimdagi siyosatiga noroziligini bildirdi. Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan harbiy hamkorlikda tanaffus e’lon qildi, Yevropa Ittifoqi esa vizasiz qatnov xususidagi muzokaralarni to’xtatganini aytdi.

Jon Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Ukrainaning yangi hukumatiga bir milliard dollar miqdorida yordam bermoqchi. Xalqaro valyuta jamg’armasi esa shu oyning o’zida uch milliard dollarlik kredit ajratishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG