AQSh va Rossiya munosabatlari eng quyi nuqtada

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Ukraina mojarosi AQSh va Rossiya aloqalarining sovuqlashishiga olib keldi. Qo'shma Shtatlar Rossiyani Ukraina ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblasa, Kreml nazarida qo'shni respublikadagi davlat to'ntarishini rejalashda AQShning ham qo'li bor.

Yaqinda Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida so'zga chiqqan AQSh rahbari va Rossiya tashqi ishlar vazirining bayonotlaridan munosabatlarda sovuqlik saqlanib turganini bilsa bo'ladi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Yevropadagi agressiyasiga qarshi chora ko'rishi kerak. Obama Rossiyaning Qrimni o'ziga qo'shib olganini va Ukraina sharqida bo'lginchilarni qo'llab-quvvatlayotganini nazarda tutmoqda. Moskva ayblovlarni inkor etib keladi. Obama BMTdagi nutqida dunyodagi yovuzliklarni sanab o'tar ekan, ebola virusi va "Islomiy davlat" bilan birga Rossiyani ham shu toifaga qo'shdi.

O'z navbatida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQShni Ukrainada o'z manfaatlarini ko'zlayotganini aytib, u yerdagi vaziyatga doir haqiqatni buzib ko'rsatayotganlikda aybladi.

Vashingtondagi Milliy mudofaa universitetida Rossiya bo'yicha ekspert Jon Parkerning aytishicha, ikki davlat munosabatlari har qachongidan quyi nuqtaga yetgan.

"Aloqalar oxirgi kamida 30-35 yil ichida eng yomon darajada. Sovet Ittifoqi 1979-yilda Afg'onistonga qo'shin kiritganidan va 1983-yilda Janubiy Koreyaga qarashli samolyotni urib tushirganidan so'ng ham munosabatlar ana shunday sovuq edi", - deydi mutaxassis.

Obama prezidentlikka kelganida Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga va'da bergan va tomonlar ko'p masalalar bo'yicha hamkorlik qila boshlagan edi. Masalan, uzoq masofali yadro qurollarini cheklashga qaratilgan strategik bitim yangidan imzolandi. Eron yadro dasturi bo'yicha Moskva islomiy davlat bilan qattiq gaplashdi. Rossiya Afg'onistonda xizmat qilayotgan AQSh qo'shinlariga o'z hududi orqali o'tishga ruxsat berdi.

Aloqalar so'nggi bir necha yilda sovuqlashdi, deydi ekspertlar. Bunga bir necha sabab ko'rsatilmoqda. Birinchisi, Moskvaning Suriya Prezidenti Bashar Assadni qo'llab-quvvatlagani bo'lsa, ikkinchisi, AQSh sobiq josusi Edvard Snoudenga Rossiyada boshpana berilgani bo'ldi. Va nihoyat, Rossiyaning Ukraina sharqida isyonchilarga madad bergani AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga yetakladi.

Massachusets shtatidagi Maunt Xoliouk kollejida Rossiya bo'yicha ekspert Stiven Jounsning aytishicha, ikki tomonlama aloqalarning sovuqlashganiga qaramay, AQSh va Rossiya "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda hamkorlik qilishi mumkin.

"Har ikki mamlakat jihodchilar faoliyatining boshqa mintaqalarga yoyilishini istamaydi, bu borada ularning manfaatlari mushtarak. Avvalambor, bu vaziyatdan Rossiya xavotirga tushishi kerak, chunki islomiy fundamentalizmning kuchayishi Markaziy Osiyoga salbiy ta'sir qilishi mumkin", - deydi Jouns.

Vashingtondagi Uilson tahlil markazi mutaxassisi Mettyu Rojanski esa bu yo'nalishda yaqindan hamkorlik bo'lishiga ishonmaydi.

"Putin tashqi siyosatda hech kimga ergashmaydi, ayniqsa Amerikaga", - deydi tahlilchi.

Milliy mudofaa universitetidan Jon Parkerning aytishicha, kelasi bir necha yilda AQSh-Rossiya munosabatlarida katta o'zgarishlarni kutmaslik kerak.

"AQShda prezident kim bo'lishidan qat'i nazar uning Rossiya bilan muammolari tugamaydi. Rossiyaning ham AQSh bilan muammolari yo'qolib qolmaydi. Sovuq urushga o'xshagan bu holat hali ancha davom etadi va keyingi AQSh prezidentining birinchi muddati davomida bu bilan yuzlashamiz. Putinning ham Kremlni hali beri tark etishiga ko'zim yetmaydi, u esa o'z siyosiy qarashlaridan qaytmaydi, demak, Rossiya tomonidan ham o'zgarishlarni kutmaslik kerak", - deydi Parker.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG