AQSh va Rossiya Suriya mojarosiga birgalikda yechim topmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan, Moskva, 7-may, 2013-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan, Moskva, 7-may, 2013-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va boshqa yuqori martabali rasmiylar bilan ko’rishdi. Muzokaralarda Suriya masalasi asosiy mavzu bo’ldi.


Jon Kerri kecha prezident Putin bilan uchrashuv oldidan Moskvadagi noma’lum askar haykali poyiga gulchambar qo’ydi.

Uning aytishicha, AQSh ham, Rossiya ham Suriyadagi mojaroning tinch yo’l bilan hal bo’lishini istaydi.

“Zo’ravonliklar yanada kuchaymoqda. Suriya parokandalikka yuz tutgan. Gumanitar inqiroz yanada avj olib, tarixda misli ko’rilmagan ishlar, etnik to’qnashuvlar yuz berishi mumkin. Butun mintaqa barqarorligiga putur yetib, dunyodagi yaxshi insonlar aqli qabul qila olmaydigan darajada jinoyatlar sodir etilishi ehtimoli yuqori”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Suriyada aholining salmoqli qismi rejim qulashidan xavotirda.

“Ular hozirgi hukumatni jon-jahdi bilan himoya qiladi yoki fuqarolar aziyat chekayotgan hozirgi holatdan mamnun, deb bo’lmaydi, albatta. Ular qo’rqayotgan narsa shuki, agar hozirgi muxolif kuchlar hokimiyatga kelsa, Suriya ekstremistlar boshqaradigan davlatga aylanadi. Hozirgacha bu yerda turli diniy guruhlar va rang-barang elatlar bir necha asrlardan beri birga tinch yashab kelgan edi”, - deydi Rossiya mulozimi.

Kerri va Lavrov Suriya mojarosiga tinch yakun yasash uchun xalqaro konferensiya o’tkazishga kelishib oldi. Ushbu yig’inda muxolifat va Suriya hukumati o’rtasida muloqot o’tkazish rejalangan. Xalqaro anjuman shu oy oxirigacha o'tishi kutilmoqda.

Rossiya Suriya hukumatiga qarshi BMTda AQSh olg’a surgan sanksiyalarga uch bor qarshi ovoz bergan. Vashington hozirgacha 70 ming odamni hayotdan olib ketgan fuqarolar urushiga barham berish uchun Kremlning yordamini izlayapti.

Kerri AQSh va Rossiya hamkorlik qilishi mumkin bo’lgan yana boshqa bir qator jabhalar borligini ham tilga oldi.

“Jahon Savdo Tashkiloti, Eron, Shimoliy Koreya va Afg’onistondan tortib, global miqyosda o’zaro hamkorligimizni talab qiladigan masalalar juda ko’p”, - dedi u.

So’nggi oylarda ikki mamlakat o’zaro aloqalarini kuchaytirishi uchun yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi. O’tgan yili har ikki mamlakatda bo’lib o’tgan saylovlarda milliy masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shu yilning iyun va sentabr oylarida Obama va Putin ikki bor uchrashishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG