2001-yil 11-sentabr xurujlariga oid maxfiy hujjat oshkor etilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

2001-yil 11-sentabrda terrochilar samolyotni olib qochib, Nyu-Yorkdagi egizak binolarga urgan edi.

2001-yil 11-sentabrda terrochilar samolyotni olib qochib, Nyu-Yorkdagi egizak binolarga urgan edi.

2001-yil 11-sentabr xurujlarida Saudiya Arabistoni roliga oid hujjat maxfiy hisoblanadi. 2002-yilda bir guruh Kongress a’zolari taftish o’tkazib, hisobotni yozganidan buyon 28 betli hujjatni bir necha kishi o’qigan xolos. Ammo endi Senat va Vakillar Palatasi a’zolari bu ma’lumotlarni oshkor etish kerak, demoqda.

Terrorchilar samolyotlarni olib qochib, Nyu-Yorkdagi egizak binolarga va Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga borib urgan, yana bir samolyot Pensilvaniya shtatida qulagan. O’sha mudhish hodisalardan sal kam 15 yil o’tib yangi tafsilotlar keng jamoatchilikka ma’lum bo’lishi mumkin.

Hujjatni o’qiganlar xurujlarga Saudiya Arabistonining aloqasi bo’lgani aniq, deydi.

Hisobotni tayyorlaganlardan biri sobiq senator Bob Grem fikricha hujjatning oshkor etilishi jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qariyb 3000 odam hayotini olib ketgan xurujlarni uyushtirgan 19 kishidan 15 nafari saudiyalik bo’lgan va ularning tashqaridan yordam olgani - eng muhim masala, deydi Grem.

"Ingliz tilini bilmaydigan, ungacha AQShga hech qachon kelmagan, oliy ma’lumotga ega bo’lmagan odamlar bu xurujlarni uyushtirishga qodir bo’lganiga ishonib bo’lmaydi. Xo’sh, ularga kim yordam bergan bo’lishi mumkin? Barcha dalillar Saudiyaga ishora qilmoqda”, - deydi u.

O’sha paytdagi rahbar Jorj Bush qaroriga bilan 828 betdan iborat hisobotga mana shu 28 sahifa kiritilmagan. Barak Obama prezident etib saylangach razvedka xizmatiga hujjatni qayta o’rganib chiqishni buyurgan.

Davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi muovini Ben Rodsning aytishicha, hujjatning ayrim qismlari oshkor etilishi mumkin. Kongress komissiyasi, deydi u, xurujlarga Saudiya Arabistonining aloqasi bo’lmagan deb xulosa qilgan.

Yaqinda Prezident Obamaning Saudiya Arabistoniga tashrifi chog’ida qirollik Yaqin Sharqda terrorchilikka qarshi kurashda yetarli chora ko’rmayapti degan tanqidlar yangradi. Azaliy hamkorlar orasidagi munosabatlar hozir ancha tarang.

Kongress komissiyasidagi yana bir kishi, Vakillar palatasining sobiq a’zosi Tim Reymer nazarida qirollik yomon otliq bo’lmasligi uchun ham hujjat oshkor etilishi kerak.

"Saudiya Arabistoniga bunday salbiy e’tibor kerak emas. Qadrli hamkorimiz bilan aloqalarimiz yomonlashishi mumkin, vaholanki, oramizda qiyinchiliklar ilgari ham bo’lgan. Ammo maxfiylik oshkoralik va haqiqatdan qo’rqinchliroq. Qolaversa, 11-sentabr kuni nobud bo’lganlar oilalari tergov ishi xulosalarini bilishga haqli”, - deydi u.

11-sentabr xurujlarini amalga oshirgan terrorchilar orasida nima sababdan saudiyaliklar ko’p bo’lgan, degan savolga Guantanamo qamoqxonasida o’tirgan va xurujlar rahbari hisoblangan Ramzi Binalshibh maqsad Saudiya hukumatining AQSh bilan munosabatlarini barbod etish, deb javob bergan edi.

Ammo al-Qoida rahbarlaridan biri Xolid Shayx Muhammad bu fikrni rad etib, asl sabab - al-Qoida saflarida saudiyaliklarning ko’p bo’lgani, deb aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG